Viloyatda 1845 ta sport inshooti ta’mirga muhtoj
Viloyatdagi sport federatsiyalari faoliyati, hududlardagi sport inshootlarining holati hamda olimpiya va paralimpiya sportchilariga yaratilgan sharoitlar xususidagi savollarga turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat RO‘ZIYeVdan javob oldik.
- Viloyatda 44 sport turi bo‘yicha federatsiyalar bor, - deydi Sh.Ro‘ziyev. – Shuningdek, 12 ta assotsiatsiya, 4 ta sportni rivojlantirish klubi, 3 ta sportni rivojlantirish markazi, 2 ta jismoniy tarbiya va sport jamiyati kabi 65 ta sport tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
2021 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan reytingga ko‘ra, viloyatda 7 ta sport turi qoniqarli (dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo), 20 ta sport turi o‘rta (boks, basketbol, suzish, gandbol, erkin kurash, voleybol...), 5 ta sport turi past (qilichbozlik, ot sporti, sportning texnik va o‘q otish, tennis va regbi) ko‘rsatkichli toifaga ajratildi.
Mutaxassislar kamligi, sport bazalari va jihozlarining yetarli emasligi ayrim sport federatsiyalarining reytingiga salbiy ta’sir qilmoqda. Misol uchun, sportning texnik va o‘q otish sport turlari bilan viloyatda 20 dan ortiq sportchi shug‘ullanadi. Ularga esa bor-yo‘g‘i bir nafar murabbiy mashg‘ulot o‘tadi. Bu belgilangan me’yorga nisbatan juda past.
Federatsiyalardagi bunday muammolarni hal qilish maqsadida sport to‘garaklari sonini ko‘paytirish, tanlov asosida malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Yana bir gap. Viloyatda 5654 ta sport inshooti mavjud bo‘lib, shundan 3809 tasining holati qoniqarli, 1845 tasi esa ta’mirtalab holatda. Misol uchun, Bulung‘urda 354 ta sport inshootidan 121 tasi, Paxtachida 302 ta sport inshootidan 103 tasi, Payariqda 439 ta sport inshootidan 143 tasi ta’mirga muhtoj.
Shu o‘rinda aytish kerakki, viloyatdagi ta’mirtalab inshootlar manzilli dastur asosida, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich ta’mirlanadi. Jumladan, umumta’lim maktablari, professional va oliy ta’lim muassasalari hamda akademik litseylardagi sport to‘garaklarida yetarli sharoitlar yaratilib, sport jihozlari bilan ta’minlanadi.
2024 yil Parij Olimpiya o‘yinlariga viloyatimizdan 9 ta sport turi bo‘yicha 23 nafar sportchi, Paralimpiya bo‘yicha 4 nafar sportchi 2 ta parasport turlari bo‘yicha nomzod sifatida saralab olingan.
Viloyatda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hududiy dastur ishlab chiqilib, sportchilarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, sportchilarga asosiy va yordamchi sport bazalari sifatida 34 ta sport inshooti biriktirilib, mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Shuningdek, nomzod sportchilarning muammolariga yechim topish maqsadida “Samarqand-Parij-24” telegram guruhi tashkil qilingan. Hozirda musobaqalarga nomzod sifatida saralab olingan sportchilar Toshkent shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, sportchilarimiz joriy yilning 10-20 mart kunlari Bangkok va Chonburi shaharlari (Tayland)da yopiq inshootlaridagi Osiyo o‘yinlari, 9-18 avgust kunlari Konya shahri (Turkiya)da Islom Birdamlik o‘yinlari, 10-25 sentyabr kunlari Xanchjou shahri (Xitoy)da yozgi Osiyo o‘yinlari, 10-28 dekabr kunlari Shantau shahri (Xitoy)da o‘smirlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlariga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV suhbatlashdi.