Viloyatda ma’naviyat va ma’rifat sohasidagi ishlar talabga javob beradimi?
Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda kengashi raisi, viloyat hokimi E.Turdimov va kengash a’zolari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari O.Hasanov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
So‘nggi uch yilda viloyatning 16 ta tuman (shahar)ida ma’naviyat va ma’rifat maskanlari barpo etilib, “Ma’naviyat festivali”, “Ma’rifat ulashib”, “Mahallada kino karvon”, “Ma’rifatli kitobxon” hamda “Milliy kontent”, “Matonatli yo‘l” kabi ma’naviy-ma’rifiy loyihalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 11 ming 200 dan ziyod ma’naviy- ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, 283 mingdan ortiq aholi jalb qilingan. Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, hududda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator kamchilik va muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.
- Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyati bo‘limi va 16 ta tuman (shahar) bo‘linmasi tomonidan 448 ta korxona, tashkilot va idoralar bilan birgalikda ma’naviy-ma’rifiy sohada hamkorlik “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan, - dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari O.Hasanov. - Biroq tuman va shahar Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarining ijro hujjatlari bir xil namunada, rasmiyatchilik uchun tuzilgan, “Yo‘l xarita” bandlarida har bir hududning o‘ziga xosligi va mavjud muammolari inobatga olinmagan, hududlarning ijtimoiy-ma’naviy muhiti tahlil qilib borilmagan va Kengash ish rejalarida belgilangan aksariyat vazifalar ijrosi ta’minlanmagan.
Yig‘ilishda viloyatda bugungi kunda 419 ta tashqi reklama va e’lonlar,
bannerlar, ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, bilbordlar va LED ekranlar mavjud bo‘lsa-da, aholi gavjum joylarda ma’naviyat va davlat tiliga doir tashqi targ‘ibot materiallari yetarli darajada emasligi aytildi.
Muhokama yakunida milliy kontentlarni ko‘paytirish, viloyatdagi barcha mahallalarda "Mahallalarda kino" loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda filmlar namoyishini tashkil etish, tashkilotlar xodimlari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini jonlantirish maqsadida barcha korxona, tashkilotlarda kichik kutubxonalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.