Viloyatda uch oyda firibgarlar fuqarolarning bank kartalaridan 4 milliard so‘mdan ziyod pul yechib olgan
Samarqandda “Syber Week” nomi ostidagi “Kiber makonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasidagi navbatdagi tadbir Yoshlar markazida tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, kiberjinoyat qurboni bo‘layotganlarning aksariyati yoshlardan iborat.
- Viloyatda joriy yilning o‘tgan uch oyida firibgarlar tomonidan fuqarolarning bank kartasidan 4 milliard so‘mdan ziyod pul mablag‘lari talon-toroj qilingan, - dedi Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Lochinbek Atoyev. – Aldov qurboni bo‘layotganlarning aksariyati 19-35 yoshdagi fuqarolar bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ular tomonidan 400 ga yaqin ariza kelib tushgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu firibgarliklar asosan quyidagi usullarda:
- telefon qo‘ng‘iroqlari orqali;
- to‘lov tashkilotlari (clik va boshqalar) orqali;
- bank xodimi sifatida “sms kodni olish” natijasida;
- ijtimoiy tarmoqlar orqali;
- “OLX” savdo platformasida “sotuvchi” yoki “xaridor” sifatida
- jabrlanuvchiga noma’lum sharoitda yordam berish, moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi soxta aldov havolalar orqali;
- soxta onlayn birja va treyding orqali amalga oshirilgan.
Tadbir davomida yoshlarni kibertahdidlardan saqlash maqsadida “Eng yaxshi mahalla”, “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman”, ta’lim muassasalaridagi yoshlar o‘rtasida muammo yuzasidan “Eng yaxshi insho”, “Sportli dasturlash” kabi tanlovlarni o‘tkazish va tushuntirishlar olib borish kerakligi aytildi.