Viloyatda yilning shu davrigacha 70 dan ortiq kiber jinoyat sodir etilgani ma’lum qilindi
Bu haqda Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida “Syber Week” nomi ostidagi “Kiber makonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi" doirasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida aytildi.
Unda IIV Tezkor-qidiruv departamenti kiberxavfsizlik markazi hamda markazning viloyat bo‘limi mas’ullari yig‘ilganlarga kiberjinoyat turlari, keyingi vaqtda jinoyatchilar tomonidan keng qo‘llanilayotgan firibgarlik shakllari, ulardan himoyalanish omillari haqida tushuncha berdi.
— Joriy yilning o‘tgan vaqtida viloyatimizda 70 dan ortiq shu turdagi jinoyat aniqlandi, - deydi IIV Tezkor-qidiruv departamenti kiberxavfsizlik markazi viloyat bo‘limi mas’ul xodimi Azamat Yo‘ldoshev. – Bir muddat oldin Telegramm messenjerida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini egallab olish bilan bog‘liq firibgarlik ham shular jumlasidan. O‘rganishlarimiz davomida bu kabi jinoyatlarning asosiy qismi xorijdan turib boshqarilayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Bu esa ularni fosh qilishni yanada murakkablashtiradi. Shu bois bugun oldimizda turgan asosiy vazifa avvalo, fuqarolarda kiber tahdidlardan ogohlikni oshirish.