Meros vasvasasi yoxud Dian Mohammed xonimning menga “yuborgan” 3 million dollari
Qo‘shni tumanda yashaydigan bir og‘aynim og‘zi qulog‘ida, hovliqqancha kelib qoldi. Emishki, angliyalik allaqanday boyvachcha avtohalokatga uchrab, uning bor boyligi oshnamga meros bo‘lib qolibdi. Boshqa merosxo‘rlari yo‘qligi uchun izlab-izlab facebookdan buni topishibdi. Familiyasi bir xil (Mavlonberdiyev) bo‘lmaganida balki topisholmasmidi...
– Xudo “beraman”, desa hech gap emas ekan, oshna! – deydi hayajonda dag‘-dag‘ titrarkan. – Angliyada Teodor Mavlonberdiyev degan amakim topilib qolganiga nima deysan? Undan menga qancha meros qolganini aytaymi? Aytsam, baribir ishonmaysan: 1 million dollar! Tushunyapsanmi, 1 million!.. Shu pulni hozir mening nomimga rasmiylashtiryapti. Bir haftada qo‘limda bo‘ladi. Shungacha 1000 dollar qarz berib tursang, degandim. Sug‘urta, yetkazib berish, bank xarajatlari uchun qonuniy vakilim (ism-sharifi Klaudio Makkeyn)ga jo‘natishim kerak. Yo‘q dema, do‘stim. Bir haftada ortig‘i bilan qaytaraman.
Xo‘p, dedim va “ma’ruzam”ni boshladim. Naqd bir soat va’z o‘qidim-ov! Sodda odamga bir narsani tushuntirish qiyin ekan-da. Xullas, bunaqa xat-xabarlarga ishonish uchun odam ovsar bo‘lishi kerakligini bir amallab uqtirdim. O‘zimga kelgan shunaqa xatlardan 5-6 tasini ko‘rsatdim. Xalqaro firibgarlarga aldanib, chuv tushib qolayotganlar haqidagi ma’lumotlarni o‘qib berdim. Bunaqa firibgarlarning ming xil turi borligini anglatishga harakat qildim.
Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan do‘stim xomush bo‘lib qoldi. O‘ylashimcha, mendan 1000 dollar qarz ololmagani uchun emas. 1 million dollar orzusi tutundek havoga singib ketganidan ham emas. Balki o‘zining soddaligidan, menga yo‘liqmaganida ko‘p pullarni xorijdagi merosshunoslarga qo‘sh-qo‘llab tutqazib qo‘yishi mumkinligini o‘ylaganidandir.
Rostdan ham, internet firibgarlari rosa ko‘paydi oxirgi vaqtlarda. O‘zimga ham goh unisi, goh bunisi yozib turadi – bir necha o‘n ming dollardan tortib bir necha milliard dollargacha taklif qilib. Odatda bunaqa xat-xabarlarni e’tiborsiz qoldiraman yoki “Hech qanaqa Alan (Kristofer, Byorns, Maksimilian, Robert, Todd...) degan qarindoshim yo‘q, axmog‘ingni boshqa joydan qidir”, deya uning xabar jo‘natish imkoniyatini cheklab qo‘yaman.
Do‘stimning million dollarlik mashmashasidan keyin, imkoniyat tug‘ilishi bilan firibgarlarning suhbatidan bafurja “bahramand” bo‘lishga qaror qildim: qani, qayergacha borisharkan! Qayergacha borishlari aniq, aslida. Siz: “mayli, merosni jo‘nat”, deysiz. Ular “bank xarajatlari” uchun, deya 100 (ba’zilari 1000-10000) dollar so‘rashadi. Soddalik qilib ular so‘ragan pulni yuborsangiz, “endi falon xarajatlar uchun 200 (2000-20 000) dollar kerak bo‘lyapti”, deyishadi.
Meni ko‘p kuttirmay, xorijdagi “hotamtoy”larning navbatdagi vakilidan xabar keldi. Tushunmagan jihatim – bu gal negadir facebook orqali emas, telegramimga yozishdi. +44 7385 369858 raqamidan. Buyuk Britaniyaga tegishli raqam. Mening raqamimni qayerdan olishdi ekan bu shovvozlar?! Mayli, u bilan bir necha kun mobaynida kechgan “maroqli” suhbatimizdan siz ham “bahramand” bo‘lib turing, ungacha bu savolimga ham javob topilib qolar.
“Assalomu alaykum, azizim! Shaxsiy hayotingizga tajovuz qilganim uchun uzr, menimcha, siz bunday ijobiy qadriyatlarni baham ko‘rishga loyiqsiz, umid qilamanki, bunga qarshi emassiz. Siz bilan tanishganimdan xursandman, azizim, bir-birimizni tanimasak ham, sizga yozishga harakat qilaman.
Ismim Dian Mohammed. Men Germaniyadanman, lekin marhum erim Abu-Dabi (Birlashgan Arab Amirliklari)dan va biz ko‘p yillardan beri Londonda yashaymiz. Ismingiz nima va qayerdansiz? Men sizni juda yaxshi ko‘raman va siz bilan ochiq bo‘lishni xohlayman, men hayotni ko‘rgan ayolman. Ko‘p yillardan beri ijtimoiy davradaman, lekin men uchun haqiqatan ham yosh, rang yoki irq muhim emas. Bizning hayotimizda eng muhimi samimiylik va qalbning haqiqatidir.
Men erimdan 2019 yil 13 sentyabrda ayrildim. Shu bilan birga, men uzoq vaqtdan beri saraton kasalligi bilan kurashaman va shifokorimning aytishicha, hozirgi bosqich nazoratsiz va yana bir necha oygina yashashim mumkin. Siz men uchun qilganingiz kabi, men buni o‘zim qilmoqchiman, lekin saraton bilan kurashim menga imkon bermaydi, buni amalga oshirishga yordam bera olasizmi, bilmayman. O‘zingiz haqingizda ham ko‘proq gapirib bersangiz. Nima bilan shug‘ullanasiz, ishdagi mavqeingiz, oilaviy ahvolingiz qanday va hozir qayerda yashayapsiz?”.
O‘h-hu! Erinmay shuncha narsani yozibdi-ya. Unga javob yozmasam, odobdan bo‘lmas:
“Mening ismim Falonchi, familiyam Pistonchiyev. O‘zbekistonga keling, mehmon qilaman. Mashg‘ulotim haqida gapiradigan bo‘lsam, bolaligimdan buyon xo‘roz urishtirish bilan shug‘ullanaman. Bu kasbimdan faxrlanaman, azizam”.
Shularni yozyapman-u, boshdan-oyoq to‘liq yolg‘on gapirish uchun uncha ko‘p mahorat kerak emas ekan, deya o‘yladim.
Bir soatlarda javob qaytdi:
“Sizdan yaxshi javob olganimdan juda xursandman. Men bir muncha vaqtdan beri siz haqingizda o‘ylayapman va bugun ibodatlarimdan keyin menda shunday kuchli tuyg‘u paydo bo‘ldiki, siz halol insonsiz, lekin hali ham Xudodan siz haqingizda ko‘proq ma’lumot berishini so‘rayman, chunki men sizni xayriya ishlari uchun tanlamoqchiman. Men sizdan mamlakatingizdagi kambag‘allar va bevalar uchun imtiyozlar/hayot imkoniyati uchun xayriya loyihasini amalga oshira olasizmi, deb so‘ramoqchiman.
Erim o‘limidan oldin Qo‘shma Shtatlar hukumati bilan 7,6 million dollarlik shartnoma asosida ishlagan. Lekin o‘lim mening bank hisobimga pul yuborilishidan oldin uni olib ketdi. Erim o‘limidan oldin xayriyachi bo‘lgan. Sog‘ligim tufayli farzand ko‘ra olmadik. Men o‘z shahrimga (Germaniya) to‘rt million dollar yubordim va dori-darmonlarim uchun kasalxonaga 600 000 dollar qo‘ydim.
Qolgan 3 million dollarni sizga jo‘natmoqchiman. Marhum erimning ko‘rsatmasi bo‘yicha yurtingizdagi kambag‘al va beva ayollarga berishimga yordam berasiz, chunki bu pulni meros qilib olish uchun farzandlarimiz yo‘q. Iltimos, ushbu loyiha bilan shug‘ullanayotganda dini, irqi, etnik kelib chiqishini kamsitmang, ushbu xayriya taklifiga maksimal darajada maxfiylik bilan munosabatda bo‘ling”.
Men zudlik bilan javob yo‘lladim:
“O, naqadar xursand qildingiz meni. Men ham xayriya ishlarini juda yaxshi ko‘raman. O‘zim ham yurtimdagi kambag‘allarga doim ehson qilib turaman. Eringizdan qolgan pullarni ham siz bilan birgalikda ana shunday kambag‘al va yordamga muhtoj oilalarga taqdim etish menga xursandchilik bag‘ishlaydi. Bu loyiha ezgu maqsadlarga xizmat qilishini xohlayman”.
Suhbat ertasiga, so‘ng indin, bir hafta davom etdi.
Dian Mohammed xonim diplomatik agenti orqali menga 3 million dollar yuborganini, agent bu pulni avval go‘yo Turkiyaga, keyin Samarqandga olib keldi. U bilan WhatsApp orqali (raqami +44 7900 746381) gaplashib turdik. Ismi Uilyams ekan. Xushmuomalaligini aytmaysizmi! Avval pullarni seyfga solish jarayoni aks etgan video yubordi. Keyin ID-karta, pul aynan menga topshirilishini tasdiqlovchi ma’lumotnoma, samolyot chiptasi va yana allaqanday hujjatlar nusxasini menga jo‘natib turdi. Men esa unga 800 dollar yuborishim kerak edi. Lekin men ham u o‘ylagan darajada sodda emasman. Xarajatlarim ko‘payib ketganini aytib, qo‘limda bor-yo‘g‘i 600 dollar pul borligini ma’lum qildim. Keyin esa 500.
Mayli, besh yuz bo‘lsa, besh yuz-da. Faqat, tezroq yuboring, dedi. Chunki menga 3 million dollarni topshirib, tezroq vataniga qaytishi kerak ekan. Ha, uni ham tushunsa bo‘ladi: pul bilan to‘ldirilgan seyfni bojxona terminalida ko‘tarib yurish, issiqda qoraygancha meni kutib o‘tirishning o‘zi bo‘ladimi!..
Men qiynalib qolmasligim uchun 500 dollarni Markaziy bank belgilagan kurs bo‘yicha so‘mda jo‘natishim ham mumkinligini ma’lum qildi: plastik karta raqami 5614682217153693, “Kapitalbank”ga tegishli, Aizhan Baigashkaeva nomiga rasmiylashtirilgan. (Darvoqe, yaqinda kiberjinoyatlarning 70 foizi fosh etilmay qolishi, bu turdagi firibgarlarni topib, javobgarlikka tortishning deyarli imkoni yo‘qligi haqida o‘qigandim. Yuqorida plastik karta raqamini aynan keltirganim – tezkor qidiruv faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga asqotib qolar, degan maqsadim bilan bog‘liq).
Voqealar rivojiga kelsak, men ularning plastik kartasiga o‘tkazib berishim lozim bo‘lgan pul – 500 dollar “shaxsiy xarajatlarim ko‘payib ketgani bois” avval 300, keyin 100, undan keyin esa nol dollarga tushdi. Va... Dian Mohammed xonim hamda Uilyams janoblari go‘yo havoga singib ketgandek ijtimoiy muloqot tarmoqlarimdan g‘oyib bo‘lib qolishdi.
Men-ku, ular singari firibgarlarga ishonish uchun tug‘ma laqma bo‘lish lozimligini yaxshi tushunaman. Lekin tushunmaganlar qancha! Masalan, yaqinda Navoiy viloyatida yashovchi shifokor ayol 4 million AQSh dollari ilinjida 7500 dollaridan ayrilib qolgani haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Toshkentlik ayol esa 3 milliard dollar “meros”ni olaman, deb, hatto o‘z uyini ham sotdi va 90 ming dollar pulidan ayrilib, pushaymonlar girdobida qoldi. Bunaqalar esa, afsuski, oz emas. Beixtiyor: “soddalik ham evi bilan-da”, deb yuborasiz.
To‘g‘ri, fuqarolarning kibermadaniyatini shakllantirish oson ish emas. Lekin qilsa bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, mahallalarda, ta’lim maskanlarida, mehnat jamoalarida har kuni targ‘ibot olib borish, ommaviy axborot vositalarida bu haqda har kuni bong urish lozim. Bu o‘rinda aholining xabardorlik darajasi ko‘p narsani hal qiladi. Deylik, “Suvning ta’mi muz bilan”, “Onalariga ukalaridekman”, “Nexia-2 legenda”, “Qo‘shiqchi aslida kimning bolasi?”, “Tezkor! Shok xabar! Bu qizning nima qilganini ko‘ring!!!” kabi videolarni tomosha qilishdan ozroq vaqt ajratib, kiberxavfsizlikka oid xabar va ma’lumotlarni ham kuzatib borsak, zarar qilmasdi.
Yuqorida aytganimdek, firibgarlarning turi ko‘p va “ishlash” uslublari ham xilma-xil. Masalan, mana – yangisi. Ilgari firibgarlar sizning plastik kartangizga kirib, agar ichida puli bo‘lsa, undagi pulni yechib olar edi. Endi kartangizda pul bo‘lmasa, firibgarlar o‘sha kartangizga kredit rasmiylashtirib, tushgan kredit pulini yechib oladi. Kreditni esa siz to‘lashga majbur bo‘lasiz. Dastavval “Sizning kartangizga kirishga urinish bo‘lyapti, bu sizmi?” deb so‘rashadi. Yo‘q, bu men emas, degan javobni eshitgach,“Unda bular firibgarlar ekan, hozir sizni Markaziy bank bilan bog‘laymiz”, deyishadi. Markaziy bank xodimiman, degan odam sizga bog‘lanib, karta ma’lumotlarini so‘raydi, “Sizga hozir SMS xabar boradi, uni menga ayting”, deydi. Barcha SMSlar olingach, kartadan bir paytning o‘zida besh-oltita bankka onlayn kredit olishga ariza topshirishadi, bank bergan pulni esa boshqa plastik kartaga o‘tkazib olishadi. Navoiy viloyatida xuddi shunday bo‘ldi. Firibgarlar bir soddadil hamyurtimizning plastik kartasidan 8 million so‘m pulini yechib olib, bu ham yetmaganday, uning nomiga 400 million so‘m kredit olishdi. Shundan so‘ng boyaqish bunaqa zarbalarga dosh berolmay, infarkt bo‘lib vafot etdi.
Firibgarlar tuzog‘iga ilingan odamlarning qanchasi xonavayron bo‘lgani, qarz botqog‘iga botgani, chorasizlikdan o‘z joniga qasd qilish darajasigacha borgani haqida statistik ma’lumotlar yuritiladimi o‘zi? “1xBet”, “Mostbet”, “Hamster kombat” singari bir qarashda jozibador, ammo yakuni ayanchli bo‘lgan tuturuqsizliklarga butunlay barham berishning nahotki hech iloji bo‘lmasa?! “Zamonaviy” kazino, bukmekerlik va totalizator faoliyati bilan shug‘ullanishni mutlaqo imkonsiz qilib qo‘yish shu qadar qiyinmi?
Bilmadim. Bilganim shuki, har qanday tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlariga moyilligimiz bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali keladigan shubhali havolalarga qiziqish bilan qarayversak, “pulimizni ikki baravar ko‘paytirib beradigan” lo‘ttivozlarga ishonishda davom etsak, “milliard dollarli meros” ishqida yonsak... birovdan emas, avvalo, o‘zimizdan o‘pkalaganimiz ma’qul...
Shularni yozib o‘tirsam, telegramimga yangi xabar kelib qoldi:
“Salom. Kuningiz xayrli bo‘lsin! Mening ismim String. Shvetsiyadanman. Global investitsion kompaniyaning vakiliman. Faoliyatimiz asosan rezidentlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan. Masalan, Siz bizning kompaniyaga 100 dollar sarmoya kiritsangiz, bir sutkadan so‘ng Sizga 15 foiz dividend to‘lanadi, ya’ni pulingizni 115 dollar qilib qaytarib olasiz. Agar qiziqsangiz, kompaniyamiz web-saytiga kiring”.
Unga javob yozishga kirishdim:
“Salom, String. Sizga ham xayrli bo‘lsin. O, naqadar go‘zal bu o‘lka – Shvetsiya!..”
Boshimga og‘riq kirdi.
Nusrat Boboyev.