Telegram orqali o‘zganing pulini o‘zlashtirgan payariqlik shaxs qo‘lga olindi
Surxondaryo viloyati, Denov tumanida yashovchi 33 yoshli B.B. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 1.100.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Samarqand viloyati, Payariq tumanida yashovchi 33 yoshli R.Sh. sodir etganligi aniqlangan.
Unga ko‘ra, R.Sh. “Telegram” messenjeridagi “O‘yinchoqlar” nomli guruhida B.B. bilan tanishib, u xarid qilgan yumshoq o‘yinchoqni “Sizga o‘zimiz yetkazib beramiz” deya uni aldab, o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank plastik kartasiga 1.100.000 so‘m pullarni oldindan o‘tkazdirib olib, pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan, yumshoq o‘yinchoq ham manzilga yetkazib berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, R.Sh.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.