Viloyatdagi 24 ta mahallada sport maydonchasi qurilishi boshlandi, bu mahallalar yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida g‘olib bo‘lgandi

Xabaringiz bor, Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 9 sport turidan ommaviy sport musobaqalari bo‘lib o‘tgandi.

Unda Samarqand yoshlari 10 ta oltin, 6 ta kumush, 8 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida respublikada ikkinchi o‘rinni egallagan.

Viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olim Sobirovning Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati, turnirda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarning mahallalariga uch turdagi sport maydonchalarini qurib berish belgilangan.

Ayni kunlarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar mahallalariga quriladigan sport maydonchalarining manzilli ro‘yxati shakllantirilib, joylarda qurilish ishlari boshlangan.

Jumladan, 24 mahallada (Urgut tumanida 6 ta, Ishtixonda 4 ta, Payariqda 3 ta, Nurobod tumani hamda Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida 2 tadan, Oqdaryo, Jomboy, Samarqand, Paxtachi va Past Darg‘om tumanlarida bittadan) sport maydonchasi quriladi.

Sport maydonchalarini hududlarga taqsimlash, musobaqalarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar egallagan o‘rinlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Bunda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa mahallasida universal sport maydonchasi qurib beriladi. Mini-futbol va basketbol bilan shug‘ullanish imkoniyati bo‘ladi.

Ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa mahallasida “Streetball” maydonchasi tashkil etiladi va voleybol, basketbol bilan shug‘ullanish uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi. Uchinchi o‘rin uchun “Workout” maydonchasi. Unda “brus krestik”, “turnik va press”, “yurish trenajyori”, “press uchun o‘rindiq” kabi maxsus anjomlar bo‘ladi. Bu yerda doimiy badantarbiya va sog‘lomlashtirish mashqlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.