Viloyatdagi barcha korxona-tashkilotlar ishtirokida sport festivali bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahar 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida “Sog‘lom ayol–buyuk kelajak” g‘oyasi bilan viloyatimiz shahar va tumanlarida barcha turdagi korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik sub’yektlarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar o‘rtasida “sport nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida “gimnastrada” sport festivali bo‘lib o‘tdi.

Dastlab viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Djumayeva festivalni kirish so‘z bilan ochdi.

- Bunday sport festivallarini tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsad xotin-qizlar o‘rtasida sportni keng rivojlantirish, - dedi S.Djumayeva. – Shuningdek, turli kasalliklardan himoyalanish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning jismoniy va aqliy ish qobiliyatini shakllantirish lozim.

Festivalda shahar va tumanlardan kelgan xotin-qizlar o‘zlarining gimnastik chiqishlari bilan bahslashdi. Yakunda Samarqand shahar xotin qizlari birinchi, Kattaqo‘rg‘on shahar xotin-qizlari ikkinchi, Samarqand tumani xotin-qizlari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, festivalda 33 turdagi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, viloyat hokimligi hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.