Viloyatdagi beshta madaniyat bo‘limi va to‘rtta teatrga avtomashinalar berildi
Madaniyat vazirligi tomonidan viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi Past Darg‘om, Ishtixon, Paxtachi, Jomboy tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar madaniyat bo‘limlariga “Damas”, avtomobili, to‘rtta teatrga “Isuzu” yuk mashinasi topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov ishtirok etdi.
- Bundan besh yil oldin viloyat hokimi xodimlarimizga avtobus bergan bo‘lsa, bugun Madaniyat vazirligi tomonidan dekoratsiyalar uchun yuk mashinasi topshirilishi ishimizni yanada osonlashtirdi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri direktori Botir Tugalov. – Chekka hududlarga gastrol safarga bormoqchi bo‘lsak, dekoratsiyalarini olib borishga qiynalardik va jamoamiz topgan mablag‘ning asosiy qismi yo‘l xarajatlariga ketardi. Endi bunday muammolarga barham beriladigan bo‘ldi va tushadigan mablag‘lar ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga, teatrning moddiy texnik bazasini yaxshilashga hamda xodimlarimizning festivallarda ishtirokini ta’minlashga ishlatiladi.
Tadbir yakunida viloyatdagi barcha tuman va shahar madaniyat bo‘limlariga besh turdagi 300 ga yaqin cholg‘u asboblari ham topshirildi. Shuningdek, Prezident topshirig‘i asosida har bitta hududda bo‘lishi belgilangan namunaviy madaniyat markazlarida qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘z muddatida yakunlab, foydalanishga topshirilishi ma’lum qilindi.