Viloyatimizda ekstremizm ta’siriga tushgan 12 shaxsga jinoiy ish ochildi; 226 nafari qidiruvda

So‘nggi 5 oy ichida ularning oila a’zolari bilan o‘tkazilgan targ‘ibot va tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 15 nafari yashash manzillariga qaytarilgan. 13 nafari avf etilgan. 
Bu haqda Samarqand shahridagi konsert zalida o‘tkazilgan “Biz diniy ekstremizm va terrorizmga qarshimiz” mavzusidagi davra suhbatida aytildi.

TATU Samarqand filiali hamda Chet tillar instituti talabalari ishtirok etgan tadbirda, viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, din ishlari bo‘yicha mutaxassislar yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolganlar hayotining ayanchli oqibati haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha,  viloyatimizda diniy ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolib maxsus hisobda turgan 1 623 fuqarolar ro‘yxatdan chiqarilgan. 
Joriy yilning o‘tgan davrida 11 ta diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyat aniqlanib, 12 nafar shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Ularning 8 nafari pul topish maqsadida xorijga borib, internet orqali ekstremistik guruhga qo‘shilgan, 4 nafari esa diniy aqidaparastlikni targ‘ib qilgan. 
Ularning bunday ishlarga qo‘l urishiga oilasi va mahallasidagi muhit, ishsizlik va boshqa omillar sabab bo‘lgani ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, targ‘ibot tadbirlari sonini yanada oshirish zarurligi aytib o‘tildi.     

Husan ELTOYeV.