Viloyatimizdan o‘tuvchi trassalarda radarga tushgan yuzlab qoidabuzarlar jarimaga tortila boshlandi

Samarqand viloyati YHXB matbuot xizmatining bizga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimiz hududidan o‘tuvchi yo‘llarda radarlar yordamida kuniga 100-150 qonunbuzar aniqlanmoqda.

Mazkur maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd qiluvchi radar belgilangan tezlikdan yuqori harakatlangan avtoulovlar tezligini qayd etadi. Shu vaqtning o‘zida yo‘l harakati qoidalari buzilgani bo‘yicha jarima solish to‘g‘risida, ma’muriy huququbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz, transport vositalarining egalariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar chiqarilib, foto tasvir ilova qilingan holda, yashash manzillariga yuboriladi. 

Bundan ko‘zlangan maqsad, viloyat xududida og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisalarining oldini olish, ularning sonini kamaytirish, haydovchilarning xushyorligini oshirish va yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanish xavfsizligini ta’minlash hamda innovatsion texnologiyalarni hayotga tadbiq etishdan iboratdir, deya ma’lum qiladi matbuot xizmati.