Viloyatning 2025 yilgi byudjeti tasdiqlandi

Xarajatlarning 61 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining beshinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.

Dastlab, viloyatning 2025 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Bu haqda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, yaqinda qabul qilingan “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2025 yilgi daromadlari 5 trillion 915,3 milliard so‘m va xarajatlari 8 trillion 8,6 milliard so‘m hamda respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 2 trillion 93,3 milliard so‘m etib belgilangan.

– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan biznes uchun soliq tizimining barqarorligini ta’minlash, soliq yuki keskin oshishining oldini olish, tadbirkorlik muhiti barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalari o‘zgarishsiz saqlab qolinmoqda, – dedi F.Abilov. - Jumladan,

  • qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foiz;
  • foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz;
  • aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi 4 foiz;
  • ijtimoiy soliq 12 foiz (byudjet tashkilotlari uchun 25 foiz);
  • yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz;
  • jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliq stavkasi 12 foiz miqdorida o‘zgarishsiz saqlab qolinadi.

Tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun teng sharoit va qulay biznes muhitini yaratish va investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida jami yillik daromadi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq yukini pasaytirish maqsadida 2025 yil 1 yanvardan boshlab YaTTlarning xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 fioz) o‘rniga yakka tartibdagi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida qat’iy daromad solig‘ini to‘lash (ixtiyoriy tarzda) huquqi berilmoqda.

Misol uchun, dehqon bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan chakana savdo qiluvchi YaTT o‘zi uchun 60 ming so‘m qat’iy soliq to‘lagan bo‘lsa, yollagan xodimi uchun 1 million so‘m oylik hisoblab, undan 12 foiz stavkada 120 ming so‘m soliq to‘lagan. Endilikda ushbu tadbirkor o‘z xodimi uchun o‘zi to‘lagan soliqning yarmi, ya’ni 30 ming so‘m soliq to‘lash huquqiga ega bo‘ladi

2025 yil 1 yanvardan iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan, sanoat, xizmatlar, qurilish sohalari uchun suv solig‘i stavkasi tenglashtirilib 1 kub metr yer usti suv uchun 700 so‘m, yer osti suv uchun 850 so‘m etib belgilanmoqda.

2025 yil 1 yanvardan avtomobillarni yuvishda foydalaniladigan yer osti suvining 1 kub metri uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 15 ming so‘m (amalda 2 700 so‘m) qilib belgilanmoqda. Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari 2025 yil 1 yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi soliq stavkalarini faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab eng kam va eng yuqori stavkalarida (65 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha) belgilash vakolatiga ega bo‘ladi.

Viloyatning 2025 yil uchun byudjet xarajatlarida ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar uchun 2 trillion 31,6 milliard so‘m mablag‘ rejalashtirilmoqda.

Byudjet xarajatlarining 61 foizi yoki 4 trillion 900,7 milliard so‘mi (2014 yilga nisbatan 629,3 milliard so‘mga ko‘p) ijtimoiy soha xarajatlari uchun yo‘naltirilmoqda. Xususan, ta’lim sohasiga 1 trillion 370,6 milliard so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 3 trillion 238,4 milliard so‘m (2024 yilga nisbatan 18,3 foiz ko‘p) mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda.

Tashabbusli byudjetni moliyalashtirish uchun jami 639,7 milliard so‘m (2024 yilga nisbatan 181,4 milliard so‘m yoki 40 foiz ko‘p) mablag‘, shu jumladan, yangi yo‘nalish “Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish uchun mahalliy byudjetlarda 76,1 milliard so‘m (har bir maktab uchun 60,2 million so‘mdan) mablag‘ ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyotga yo‘naltirilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar qariyb 635,8 milliard so‘mni tashkil etib, jami xarajatlarning 8 foizini tashkil etadi.

Mazkur masala yuzasidan respublika Hisob palatasi shu’ba boshlig‘i Z.Ibotov, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i E.Tolliyev, byudjet tashkilotlari rahbarlari, deputatlar o‘z fikrlarini bildirdi va viloyatning 2025 yilgi mahalliy byudjeti tasdiqlandi.

Shundan so‘ng viloyatdagi boshqarma va tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni va shu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi bajarilishi yuzasidan viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Temirovning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali, “Samarqand suv ta’minoti” korxonasi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, davlat kadastrlar agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat transport  boshqarmasida bu boradagi qonunchilik ijrosi o‘rganilganda davlat tilida ish yuritish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida hujjatlarni tayyorlashda ko‘plab kamchilik va qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Mazkur masala yuzasidan deputatlar tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Sessiyada viloyatda 2025 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturini tasdiqlash, dala cheti va kanal-kollektor atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar urug‘larini ekish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar,  O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Samarqand shahrining ekologik “master-reja”sini tasdiqlash, viloyatda 2025 yilda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tanlangan mahallalarda tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash bo‘yicha dasturga kiritilgan takliflarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, Kengashning qarorlari qabul qilindi.