Viloyatning 24 ta hududida Yangi yil bayrami oldidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi
Bayramlar arafasida viloyatimizdagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etish an’anaga aylangan. Xalqimiz orziqib kutadigan, katta shodiyonalar bilan nishonlaydigan Yangi yil bayrami ham bundan mustasno emas.
Viloyat bozorlar va savdo komlekslari uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil viloyatimizning 24 ta hududida ana shunday yarmarkalar tashkil etilgan. Ularning 6 tasi Kattaqo‘rg‘on tumanining Ingichka, Payariqning Nakurt, Nurobodning Jom qishloqlari singari olis manzillarda joylashgan.
— Yarmarkalarga asosiy turdagi mahsulotlar bozorlar qoshidagi savdo-xarid qilish korxonalari zaxirasidan, qolganlari fermer xo‘jaliklari hamda tijorat firmalaridan chiqarilmoqda, - deydi uyushmaning savdo bo‘limi boshlig‘i Qahramon Oripov. – Har bir mahsulot bozor qiymatidan arzonroq narxda sotilishi ustidan doimiy nazorat olib borilmoqda. Iste’molchilarni aldash holatlarining oldini olish uchun rastalarga mahsulot narxlari yozib chiqilgan. Xususan, mol go‘shti 70 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shti 75 ming so‘mgacha, tovuq go‘shti 27 ming, tuxum esa 1100 so‘mdan qimmat bo‘lmasligi kerak.
Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori”da tashkil etilgan yarmarka ham kun davomida xaridorlar bilan gavjum. E’tiborlisi, bu yerdagi ayrim mahsulotlar belgilangan narxdan ham arzonroq sotilmoqda.
— Yarmarkamizda mol go‘shti 65 ming so‘m, qo‘y go‘shti 70 ming so‘mdan sotilyapti, - deydi bozor direktori Shehroz Abbosov. — Boshqa turdagi mahsulotlarning ham imkon qadar arzon narxlarda sotilishini ta’minlayapmiz. Yarmarkada fermerlardan tashqari 30 ga yaqin tadbirkorlik subektlari, qandolat sexlari ishtirok etayotganligi xaridorlarning tanlash imkoniyatini oshirmoqda.
— Har doim Yangi yil dasturxoni uchun bozorlikni yarmarkadan qilamiz, - deydi Samarqand shahri Qorasuv massivida istiqomat qiluvchi Obotoy aya Toshpo‘latova. – Bu yerdagi mahsulotlarning sifati ham yaxshi, narxlari ham arzonroq. Bobodehqonlar, fermerlarning samimiyati, ochiqligi kishining kayfiyatini ko‘taradi. Kelinim ikkimiz ancha vaqtdan beri bozordamiz, lekin charchoqni his qilganimiz yo‘q.
Yarmarkalar 2024-yilning 10-yanvariga qadar davom etadi.