Vitebsk veterinariya meditsinasi akademiyasi rektori SamVMIda

Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasi rektori, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Nikolay Gavrichenko tashrif buyurdi.
Mazkur ta’lim dargohi institutning eng yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yili avgust oyida Vitebsk akademiyasi va SamVMI o‘rtasida qo‘shma fakultet tashkil etilgan edi. Ayni kunda ushbu qo‘shma fakultetda 30 nafar talaba ikki ta’lim yo‘nalishi – veterinariya meditsinasi va veterinariya farmatsevtikasi bo‘yicha tahsil olmoqda. “2+2” dasturi asosida ular ikki yil Samarqand veterinariya meditsinasi institutida, ikki yil Vitebsk akademiyasida o‘qiydi. Bu talabalar ikki davlat - O‘zbekiston va Belarus, ya’ni SamVMI va VDVMA diplomlariga ega bo‘ladi.
Uchrashuv davomida ikki oliygoh hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma fakultet faoliyatini yanada rivojlantirish, fakultet negizida yangi, zamon talablari asosida qo‘shimcha tarmoqlar va yo‘nalishlar ochish, o‘quv-qo‘llanmalar chop etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Mutaxasislarning fikricha, Vitebsk akademiyasi ta’lim dasturi bilan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti dasturi bir-biriga o‘xshash. Bu ikki ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili 5 nafar SamVMI talabasi uch oy muddatda Vitebsk akademiyasida ta’lim olib qaytdi. Joriy yilning mart oyida yana 15 nafar talaba Vitebskka o‘qish uchun yo‘l oladi.
Shuningdek, ayni paytda 2 nafar talaba Vitebsk akademiyasining magistratura yo‘nalishida o‘qimoqda. Yana bir talaba akademiyaning sirtqi bo‘limida tahsil olyapti.
Gulchehra BERDIYoROVA.