Vladimir Zelenskiy Jo Bayden bilan uchrashish uchun Vashingtonga bordi

Ukraina prezdenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonga keldi. Kun tartibida: AQSh Prezidenti bilan uchrashuv.

Rasmiy tashrif AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan muzokara bilan boshlanadi. Jo Bayden esa Zelenskiyni ertaga, 1 sentyabrda qabul qiladi. Bungacha davlat rahbarlarining uchrashuvi bir necha bor qoldirilgan edi.

"Tashrifning asosiy maqsadi – prezidentlar yaqindan tanishuvi va Ukraina xavfsizligi, Yevropaning bu qismida demokratiyani qo‘llab-quvvatlash va mamlakatni o‘zgartirish borasida batafsil suhbat o‘tkazish", dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba.

Tashrif chog‘ida Vladimir Zelenskiy Vashingtondan Kiyevga harbiy va moliyaviy yordamni, xususan, AQSh kafolatlangan obligatsiyalar chiqarish uchun yordamni sezilarli darajada oshirishni so‘raydi, deya xabar beradi Financial Times manbalari. Ukraina prezidenti idorasi yordam miqdori Afg‘oniston Qo‘shma Shtatlari qo‘llab-quvvatlanishiga taqqoslanishiga umid qilmoqda.

Shuningdek, Vladimir Zelenskiy Ukrainaning NATOga kirishi masalasini o‘rtaga tashlamoqchi.

"Amerika Qo‘shma Shtatlari yevropalik sheriklari Ukrainaning alyansga a’zoligiga qarshi ekanligini tushunadi, chunki ular Rossiya bilan ziddiyatdan qo‘rqishadi. Vashington Yevropa va ayniqsa Germaniya bilan hamkorligini mustahkamlamoqchi. Shuning uchun u Yevropa yetakchilari pozitsiyasi bilan hisoblashishga majbur", dedi siyosatshunos Dmitriy Fesenko.

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti "Shimoliy oqim-2" mavzusiga to‘xtaladi va gaz tranziti shartnomasini yana uzaytirish maqsadida Moskvaga bosimni oshirishni so‘raydi. Kiyevga yiliga 3 milliard dollarga yaqin daromad keltiradigan amaldagi kelishuv 2024 yilda tugaydi.

"Biz Shimoliy oqim-2 "muammosini kompensatsiya bilan hal qilib bo‘lmaydi, degan fikrda qat’iy turibmiz. Gaz quvuri Ukraina xavfsizligiga tahdiddir, chunki agar Ukraina orqali gaz tranziti bo‘lmasa, Moskva va Kiyev o‘rtasida keng ko‘lamli urush xavfi bor. Bu ham Ukraina, ham AQSh va Yevropa uchun manfaatsiz", deya ishonch bildirdi «Naftogaz» rahbari Yuriy Vitrenko.

Vashingtonga safar Vladimir Zelenskiyning AQShga birinchi rasmiy tashrifidir. U bunga ikki yil intildi, lekin Bayden ma’muriyati kutilmaganda Ukraina prezidenti bilan uchrashish fikriga sovuqqonlik bilan qaradi.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.