Vrachlari insofli, muammolari yetarli shifoxona
"Sharoiti uncha zo‘r bo‘lmasa-da, do‘xtirlari yaxshi qarashadi, insofli", deyishdi aksar shu shifoxonaga ishi tushgan kishilar (Shifokorlarga nisbatan insofli so‘zining qaysi ma’noda ishlatilishini yaxshi anglaymiz). Tibbiyot muassasasiga kirib borishimiz bilan bu yerda katta qurilish ishlari amalga oshirilayotganligining guvohi bo‘ldik. Shuning uchun u bo‘limdan bunisiga boruvchi yo‘llarning abgorligi, muolaja xonalariyu qabul bo‘limining zarur talablarga javob bermasligiga e’tibor qaratmadik.
Ma’muriyat vaqtincha shifoxonaga qarashli poliklinikada joylashgan ekan. Bu yerda ham qator muammoli vaziyatlarga duch keldik. Yomg‘irdan qochib ichkariga kirsak, shiftdan chakka o‘tib yotgan ekan. Yo‘laklarda odam ko‘p, kimdir shifokor izlagan, yana kimdir ularning boshi, ya’ni bosh shifokorni.
– Ikki kundan beri qatnayman, lor shifokorni hech topolmayman, – deydi Baybul qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Madina Ro‘ziqulova. – Qulog‘imning og‘rig‘i hech qo‘ymayapti, bugun muolaja olamanmi, deb o‘ylagandim. Afsus…
– Poliklinikaning akusher-ginekologi juda tajribali, doim shu opaning ko‘rigidan o‘taman, – deydi shifokorning ko‘rigidan o‘tish uchun navbatda turgan Saida Qo‘yboqova.
Navbatda turgan xotin-qizlarning soni ko‘p, ammo kutish uchun sharoit yaratilmagan. Yo‘lak tor, sovuq bo‘lishi barobarida chiroq o‘chgani uchun zim-ziyo edi.
Ikkinchi qavatda bir, ikki emas, naq to‘rtta stomatologiya xonasi mavjud ekan. Ikkilanib qoldik, bu poliklinikami yoki stomatologiya markazi?
– Har yili ma’lum muddatlarda poliklinika hamda shifoxona shifokorlari hamkorligida tuzilgan guruh chekka mahallalarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi, – deydi Urgut tumanidagi 1-sonli shifoxona bosh shifokori Jumaboy To‘xtamishev. – Bugun ham ular Vatak, Tinchlik, Mo‘g‘ol mahallalarida ko‘rik o‘tkazayotir. Ammo ertalabki sakkizga qadar poliklinikada ishlarini bajargan, u yerdagi ishlarni yakunlagach, yana kelib faoliyatini davom ettiradi.
Shifoxonamiz ancha xarob ahvolga kelib qolgandi, bu yil dastur asosida barcha bo‘lim hamda poliklinikamizda qayta qurish, rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun davlatimiz tomonidan 4,5 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Yetti bo‘lim hamda poliklinikada 40 nafar shifokor, 210 nafar hamshira faoliyat ko‘rsatadi. 50 ming aholiga bor-yo‘g‘i bitta tez tibbiy yordam brigadasining xizmat ko‘rsatishi muammo. Bosh shifokorning aytishicha, terapiya bo‘limining bor-yo‘g‘i 20 o‘ringa mo‘ljallanganligi ham aholining noroziligiga, ya’ni o‘z vaqtida shifoxonada yotib davolana olmasligiga sabab bo‘lmoqda. Shuncha aholiga bor-yo‘g‘i bitta UTT apparati to‘g‘ri kelishi, rentgen uskunasining ancha eskirib ketgani ham bemorlarning ovoragarchiliklariga sabab bo‘lmoqda.
Har yili o‘rtacha besh ming aholi davolanib chiqadigan mazkur muassasadagi bu muammolarni bosh shifokorning o‘zi so‘zlab berdi. Ammo shifoxonaga qarashli poliklinikada nega to‘rtta stomatologiya xonasi mavjudligi, pediatr, umumiy amaliyot shifokorlari, umuman, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xizmat boshqa bir binoda joylashgani, patronaj hamshiralarining sumkasiga ko‘zimiz tushmagani kabi holatlarga bosh shifokor aniq javob bermadi.
Darvoqe, kapital rekonstruksiyadan keyin ushbu muassasa hozirgidek ko‘mir bilan emas, zamonaviy texnologiya asosida isitilishini shifokorlar xursandchilik bilan aytishdi.
Gulruh MO‘MINOVA,
"Zarafshon" muxbiri.