WBA reytingida o‘zbek bokschilari nechanchi o‘rinda?
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA) bokschilarning 2020 yil dekabr oyi yakunlari bo‘yicha yangilangan reytingini e’lon qildi.
Reytingdan 6 nafar o‘zbekistonlik bokschi o‘rin olgan.
Ushbu reytingda hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,3 kg.) chempion sifatida qayd etilgan.
Birinchi yarim o‘rta vazn toifasidan (-63,5 kg.) ikki nafar vakilimiz o‘rin olgan. Yangilangan reytingda Rio-2016 olimpiadasi sovrindori, jahon chempioni Shahram G‘iyosov 6-pog‘onada qayd etilgan bo‘lsa, yana bir vakilimiz Shohjahon Ergashev 8-o‘rinni egallab turibdi.
Birinchi o‘rta vazn (-69,85 kg.) toifasidagi hamyurtimiz Isroil Madrimov esa 1-o‘rinda qayd etilgan va u chempionlik kamari uchun birinchi raqamli da’vogarga aylandi.
Ikkinchi o‘rta vazn toifasidagi bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev (-76,2 kg.) esa noyabr oyida ajoyib g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, hamon 14-o‘rinda bormoqda. U ayni paytda WBA Sontinental Amerisas kamari sohibi hisoblanadi.
Yarim og‘ir vazn toifasida (-79,3 kg.) ringga ko‘tarilayotgan Rustam To‘laganov ham avvalgi oydagi 14-o‘rnini saqlab qolgan.