Wi-Fi zonalar, IT-parklar... raqamli ta’lim tizimini yuksalishiga xizmat qiladi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi va viloyat hokimligi tashabbusi bilan Samarqand shahridagi Innovative Centreda xalqaro "Shaping the Science" 4-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda 10 dan ziyod mamlakatdan 200 ga yaqin ishtirkchilar qatnashdi va taqdimotlar o‘tkazdi.
"Shaping the Science-4" konferensiyasining mazmuni, bu ta’limni rivojlantirish, ilm-fan va pedagogika sohasida aynan amaliy yechimlar taklif etishga qaratilgan dunyoning eng nufuzli olimlari bilan O‘zbekiston yoshlarini bir platformaga jamlaydigan tadbir hisoblanadi.
2022 yilning 15 yanvar kuni Nobel mukofoti laureati, Kornell universiteti professori Herold Varmus mazkur platformada o‘quvchilarga yuzlanib, O‘zbekiston jahon ilm-fan markazlaridan biriga aylanishi butun bir olimlar avlodini yetishtirish orqali bo‘lishini ta’kidlagan edi.
– Yurtimiz ta’lim tizimini yanada rivojlantirish uchun biz turli zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda buni amalga oshirishimiz mumkin, - deydi Xorijiy tillarni ommalashtirish agentligi Samarqand viloyat hududiy vakilligi rahbari Muxammadxon Soliyev. - Wi-Fi zonalar, IT-parklar ochilishi raqamli ta’lim tizimini yuksalishiga xizmat qiladi. Raqamli ta’limning joriy etilishi uchun talaba yoshlarni hamda o‘qituvchilarni raqamli texnologiyalar bilan ishlash qobiliyatlarini o‘stirish va internet orqali turli ochiq kurslar tashkil etish orqali bajarish mumkin.
Mazkur konferensiyada Markaziy Osiyo va dunyoning turli mamlakatlaridan yuqori malakali o‘qituvchi-professorlar ta’lim, amaliy fanlar, tabiiy fanlar, iqtisodiyot va tibbiyot sohalariga oid mavzularda davra suhbatlari tashkil etildi hamda ilmiy tadqiqotlarga qiziquvchi talaba va o‘qituvchilarga kerakli maslahat va ko‘nikmalar berildi.
Konferensiya ishida O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Gretsiya, Hindistondan ma’ruzachilar va Samarqanddagi eng nufuzli davlat oliy o‘quv yurtlarida faoliyat yuritayotgan rektor va o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Anjumanda mahalliy ekspertlar bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar qatnashdi va chet tili sifatida ingliz tilini o‘qitish o‘qituvchilar bilim salohiyatiga to‘liq bog‘liqligidan tortib, ingliz tilini o‘rganishning zamonaviy metodlari haqida fikr bildirdi. Xalqaro ekspertlar taqdim etgan prezentatsiyalar orqali o‘qituvchilar nafaqat boshqa davlatlardagi o‘qitish metodikalaridan xabardor bo‘lishlari, balki shu ekspertlarga savollari va takliflarini bayon etishlari mumkin bo‘ldi.
Firdavs Jamilov.