“Women’s Chess Championship”: Shaxmat bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 50 ming AQSh dollarilik xalqaro turnir g‘oliblari aniqlandi

Samarqand shahrida ayollar o‘rtasidagi “Women’s Chess Championship” uchinchi xalqaro turniri yakunlandi.

14 davlatdan 150 nafarga yaqin shaxmatchi xotin-qizlar bosh sovrin uchun kurashgan turnirda FIDE reytingida 1800 dan yuqori bo‘lganlar “A” guruhida, reytingi 2000 va undan past darajadagilar “B” guruhida dona surdi.

Mukofot jamg‘armasi 50 ming dollarini tashkil etgan musobaqada polshalik Alisya Slivichka 7,5 ochko to‘plab, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sovrinli o‘rinlar, shuningdek, 7 ochkoli Anna Shuxman, 6,5 ochkoli Polina Shuvalovaga nasib etdi.

Hamyurtimiz Umida Omonova so‘nggi turda yana bir o‘zbekistonlik Guldona Karimovani dog‘da qoldirgan holda 6,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 5-pog‘onadan joy oldi. Terma jamoamiz a’zolaridan Guldona Karimova va Afro‘za Hamdamova 5,5 ochko bilan 11-12-o‘rinlarni, Nilufar Yoqubboyeva 5,5 ochko bilan 16-o‘rinni band etdi.

Xalqaro turnirning “B” guruhida 80 nafar xotin-qiz dona so‘rgan bo‘lsa, ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Maftuna Mamatqulova 8 ochko bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Robiyaxon Sardorova 7,5 ochko bilan 2-o‘rinni, 7 ochkoli Shahina Ahmedova 3-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, 6,5 ochko jamg‘argan iqtidorli shaxmatchi-qizlarimizdan Malika Jumayeva, Aziza Tursunova, Gulxumor Najmitdinova, Mohinur Hikmatxonova kuchli o‘nlikni band etishdi.