Xalq bilan, jurnalistlar bilan muloqot qilishda muomala madaniyatiga, etika qoidalariga qat’iy amal qilish zarur

Bugun o‘tkazilayotgan Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida aynan shu jihatlarga e’tibor qaratildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

– Bizning avvalgi yopiqligimiz, odamlar bilan, ayniqsa ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqotga chiqmasligimiz bugungi kun talabiga javob bermaydi, - dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. - Korrupsiya holatlari hayotimizdan umuman chiqib ketishi kerak. O‘zingiz o‘ylang, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga birgina qo‘pol harakatimiz, nojo‘ya gaplarimiz bilan qanchalik dog‘ tushirishimiz mumkin.

Bugun jurnalistlarimiz aholini bezovta qilayotgan muammolarga barcha rahbarlarning e’tiborini qaratmoqda, ular nafaqat muammolarni qayd etmoqda, ularning yechimi yuzasidan yangi, nostandart g‘oyalarni ham taklif qilmoqda.

“Shuning uchun xalqimiz bilan, jurnalistlarimiz bilan muloqot qilishni odat qilishimiz, muomala madaniyatiga, etika qoidalariga qat’iy amal qilishimiz zarur”, deb alohida qayd etib o‘tdi Senat raisi.

Ommaviy axborot vositalarida bildirilayotgan tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilib, ochiqlik va erkin fikr bildirilishini demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida qabul qilish kerak. Qonunchilik va parlament nazorati doirasidagi faoliyat natijalarini aholi va keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazib boriladi.