Xalq orzu-istaklarining huquqiy ro‘yobi
Mamlakatimiz tarixi zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitilgan ushbu sananing asosiy tantanasi Samarqand shahridagi Konsert zalida bo‘lib o‘tdi.
Viloyat faollari, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalar vakillari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etgan yig‘ilishni Samarqand shahar hokimi F.Rahimov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Viloyat hokimi T.Jo‘rayev yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi.
Ta’kidlandiki, Konstitutsiyamiz milliy davlatchilikni bunyod etish, yangicha boshqaruvni yaratish, demokratik tamoyillarga tayangan holda siyosiy va iqtisodiy tizimni shakllantirishning huquqiy asosini belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Unda ifodalangan g‘oya va tamoyillar jamiyatimizning jahon hamjamiyati tomon yuz tutishiga zamin hozirladi, xalqimiz manfaatining ustuvorligi, odamlarimizning xohish-irodasi, orzu-niyati, huquqi, erkinligi, ma’naviy-axloqiy qadriyatlari o‘z ifodasini topdi.
– Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik jamiyat barpo etishning, keng ko‘lamli islohotlarning mustahkam qonuniy asosi, ozod va erkin hayotimizning kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda, – dedi viloyat hokimi. – Tinchlik-xotirjamlik, millatlararo do‘stlik hukmron bo‘lgan yurtimizda bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalardagi izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. 2017 yilning "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb nomlangani, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ishlab chiqilgani o‘z samarasini berayotir.
Prezidentimizning viloyatga har bir tashrifi hayotimizga o‘ziga xos jo‘shqinlik baxsh etmoqda.
Urgut tumanida erkin iqtisodiy zona tashkil etildi, Qo‘shrabot va Bulung‘ur tumanlarini rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilindi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi bunyod etilayotir va ushbu muqaddas maskan musulmon olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biriga aylanib boryapti. Samarqand shahrida "Samarqand siti" sayyohlik majmuasi hamda shaharning yangi ma’muriy markazini barpo etish ishlari boshlab yuborildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda qiymati 6 trillion 396 milliard so‘mlik 2016 ta loyiha amalga oshirildi. 170 milliard so‘mlik 178 ta ijtimoiy soha ob’yektlari – ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport ob’yektlari foydalanishga topshirildi. 477 kilometr avtomobil yo‘llari barpo etildi va ta’mirlandi.
Namunaviy loyihalar asosida 1935 ta arzon uy-joylar qurildi. Tinchligimizni ta’minlab kelayotgan 300 nafar ichki ishlar xodimlari xizmat uyi va imtiyozli kredit asosida yengil avtomashina bilan ta’minlandi.
Iqtisodiyotimizning yetakchi bo‘g‘iniga aylangan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 2834 ta kichik, 557 ta oilaviy va 30 ta qo‘shma korxonalar ishga tushirildi.
Joriy yilda 4 nafar yoshlarimiz respublika fan olimpiadasida, 12 nafar sportchi yigit-qiz Osiyo, 8 nafari jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘ldi.
Tadbirda Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmonlariga ko‘ra Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan 35 nafar samarqandliklarga unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.
Mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqan Samarqand davlat universiteti rektori, "El-yurt hurmati" ordeni sohibi R.Xolmurodov Prezidentimizning ushbu yuksak e’tibor va e’tirofi har bir yurtdoshimizni Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga undashini ta’kidladi.
Tadbirda poytaxtlik taniqli san’atkorlar va viloyatimiz yosh ijodkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
«Zarafshon» muxbirlari.