Xalq tabobati rivoji bizni ona tabiatga yaqinlashtiradi
Tabiatning o‘zi tabib, deyishadi. Bu hikmat qanchalik to‘g‘ri ekanligi ming yillar davomida xalq orasida o‘z isbotini topib kelgan. Tabiat bag‘ridagi neki ne’mat bo‘lsa, u inson va uning manfaatiga xizmat qiladi. Yurtimiz hududidagi bog‘u-rog‘lar, dala-dashtlar, tog‘u-adirlarda shifobaxsh o‘simliklar, dorivor giyohlarning minglab turlari mavjud.
Davlatimiz rahbarining "O‘zbekistonda Xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining qabul qilinishi xalq tabobati bo‘yicha to‘plangan boy tajriba va salohiyatdan samarali foydalanishda muhim qadam bo‘ldi. Aytish kerakki, ushbu qaror fuqarolar salomatligini saqlash, aholining turmush sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida xalq tabobatini rivojlantirishning istiqbolli rejalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tibbiyot ilmining sultoni, buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ham “Tib qonunlari” kitobida dorivor o‘simliklarning shifobaxshligi haqida ko‘plab ma’lumotlar bergan. Bundan tashqari, qadim Sharqda ham bemorlar turli dorivor giyoh va o‘simliklar bilan davolab kelingani tarixdan bizga yaxshi ma’lum.
Kimyoviy preparatlar kasalliklarni davolashning yagona vositasi emas. Kimyoviy usulda tayyorlangan dori-darmonlardan ko‘ra, turli tabiiy giyoh va damlamalar asosida davo topishni istaganlar ham ko‘plab topiladi. Oddiy til bilan izohlaganda, xalq tabobati xavfsizlik va samaradorlik jihatidan amalda sinalgani bilan ham ahamiyatli.
Shuning uchun mamlakatimizda tabiatning har bir in’omini asrash, tanaga shifo beruvchi har bir o‘simlik va giyohdan foydalana olish imkoniyatini oshirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, xalq tabiblari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish sohasining huquqiy asosi yaratildi. O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Lekin har qanday soha va tizim ilmiy asosga, zamonaviylikka ehtiyoj sezganidek, xalq tabobatini ham zamonaviy tibbiyotga uyg‘unlashtirish, kuchli va malakali mutaxassislar tayyorlash masalasi, ayniqsa, so‘nggi yillarda dolzarb bo‘lib borayotgan edi. Prezident qarorida bu masalalarni tizimli hal etish choralari belgilandi.
Xalq tabobati sirlaridan voqif bo‘lish, bizga ma’lum va ma’lum bo‘lmagan shifobaxsh o‘simliklarni aniqlash, ulardan aholi salomatligi yo‘lida samarali foydalanishda bu nihoyatda muhim.
Hujjatga ko‘ra, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida ko‘rsatilgan moliyalashtirish manbalari asosida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Qarorda Respublika markazining asosiy vazifalari ham belgilangan.
Unga asosan, markazga xalq tabobati usullaridan, shu jumladan, o‘zbek xalq tabobatining tarixiy an’analari va o‘ziga xos merosidan foydalangan holda kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash, shuningdek, boshqa xizmatlar ko‘rsatishning samaradorligini tahlil etish va o‘rganish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, xalq tabobatini kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash masalalarida zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash bo‘yicha, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazish orqali takliflar tayyorlash belgilandi.
Albatta, inson hayoti uchun eng muhim sohalardan biri bu sog‘liqni saqlash tizimidir. Bu tizimda xalq tabobatining salmog‘i ortishi faqat yaxshilikka xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Ayniqsa, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot bilan uyg‘unlashuvi xalqimiz salomatligini mustahkamlashga, birov bilib, birov bilmaydigan shifobaxsh dorivorlarning kengroq qo‘llanilishiga keng imkoniyat yaratib beradi. Aholi sog‘lig‘ini asrash, kasalliklarning oldini olish, yengib o‘tishda tabiat in’om etgan ne’matlarning hissasi yanada oshadi.
Inson va tabiat bir-biri bilan ajralmasdir. Odam tanasi ham tabiatning bir bo‘lagi aslida. Bugun tibbiyot va farmatsevtika sanoati har qancha rivojlanganiga qaramasdan, dorivor giyohlar asosida tayyorlangan shifo vositalariga ehtiyoj kundan-kunga ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi, shubhasiz.
Sherbek BO‘RONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.