Xalq va armiya mushtarak

– V-u-u-y, mana bu mashinani qarang, kinolarda ko‘rganimizga o‘xshar ekan.
– U-hu, mana shu BTRga bir mindiring, dada.
–  Askarlar bilan rasmga tushaylik.
– Avtomatingizni bir ushlab ko‘ray! Durbiningizdan bir qarasam  maylimi?
– Palatkalariga kiraylik, askarlarning ovqatidan yeyman. 
– Katta bo‘lsam, men ham soldat bo‘lamanmi, aya?!


Erta tongdan tadbirlar o‘tadigan maskanlar harbiy xizmatchilar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda ota-onalar bilan gavjum bo‘ldi.
Festival harbiy texnika vositalari, mudofaaga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkilotining sport-transport vositalari va harbiy xizmatchilarning Registon ko‘chasi bo‘ylab Ko‘ksaroy maydonigacha safda yurishi namoyishi bilan boshlandi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida viloyat hokimi T.Jo‘rayev, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni A.Saidov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov so‘zga chiqib, mamlakatimiz hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyamiz shakllangani va tobora takomillashib borayotganini ta’kidlashdi.


Marosimdan keyin harbiy karabinchilar guruhlari va harbiy qism xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari Ko‘ksaroy maydonida tashkil etilgan harbiy-texnika vositalari, qurol-aslaha ko‘rgazmasi, harbiy dala oshxonasi va tibbiyot punktining faoliyati bilan  tanishdi.
– Bolalarni qo‘yavering, biz kattalar ham biron yerda qurol ko‘targan askarni yoki harbiy texnikani ko‘rib qolsak, vahimaga tushib, tinchlikmikan degan xavotirda bo‘lardik, – deydi kattaqo‘rg‘onlik A.Qurbonov. – Bugungi tadbirdan xabar topib, nabiralarimni tomoshaga olib keldim. Bugun hukumatimiz yoshlarning harbiylikka ishtiyoqini oshirishning samarali usulini topgani meni xursand qildi. Talaba farzandim, kichik nabiralarimgacha harbiy texnikalar, qurol-yarog‘ va boshqa vositalar bilan tanishdi, askar va ofitserlar, kursantlar bilan suhbatlashishdi. Armiya va xalqimiz o‘rtasidagi ochiq munosabatni ta’minlagan bu tadbir kelajakda yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga qodir mard yigitlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.


Festival doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ularning jismoniy chiniqishini ta’minlash maqsadida marafon ham tashkil etildi. Unda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan 5 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz Registon maydoni oldidan start olib, Universitet xiyobonidagi finish chizig‘ini yugurib o‘tdilar. Marafon g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
– Marafonda 15-17 yoshlilar o‘rtasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi Samarqand shahridagi 19-umumta’lim maktabi o‘quvchisi A.Safarov. – Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini aks ettiruvchi texnikalar, qurol-aslaha va boshqa jihozlar bilan tanishish orqali armiya haqidagi tasavvurimiz boyidi. 
40 mingga yaqin samarqandliklar guvohligida o‘tgan tadbirlarda "Eng yosh ishtirokchi", "Eng faol erkak", "Eng faol ayol", "Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Festival Samarqand garnizoni ofitserlar uyi jamoasi hamda viloyat san’atkorlarining konsert dasturi bilan yakunlandi.

Abdug‘ofur ShERXOLOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).