Xalqaro anjuman: “Sun’iy intellekt va raqamli ta’lim texnologiyalari: amaliyot, tajriba, muammo va istiqbollar”

Samarqand davlat universitetida shu mavzudagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.

Unda Malayziya, Hindiston, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston davlatlarining va mahalliy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etmoqda.

- Bugun dunyo IT texnologiyalari ustiga qurilgan, - dedi universitet professori, pedagogika fanlari doktori Mahmud Lutfillayev konferensiya avvalida. – Shunday ekan, biz xorijiy hamkasblar bilan bu borada mustahkam hamkorlik o‘rnatishimiz, o‘zaro tajriba almashishimiz lozim.

Darhaqiqat, bugun sun’iy intellekt va raqamli ta’lim texnologiyalari rivojlanayotgan bir davrda talabalarni bu borada o‘qitish, ilmiy izlanishlar olib borish, bilim va ko‘nikmalarni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Bolonya ta’lim tizimiga o‘tish davrida raqamli ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llash va undan samarali foydalanishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Konferensiyaning ochilish marosimida bir-biridan qiziqarli mavzularda xorijlik va mahalliy professor-o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetining Kiberxavfsizlik va raqamli texnologiyalar ilmiy-innovatsion markazi direktori, texnika fanlari doktori Anvar Qobilov “Kiberxavfsizlikda sun’iy intellektning mantiqiy usullari” nomli ma’ruzasida dunyoda sodir bo‘layotgan kiberjinoyatlar, unga imkon beruvchi xavf-xatarlar, ularni oldini olish bo‘yicha jahon amaliyotini batafsil tushuntirib berdi.

Shuningdek, ikki kun davom etadigan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda oliy ta’lim tizimida raqamli va axborot texnologiyalarining imkoniyatlari, oliy ta’limda sun’iy intellektni qo‘llashning nazariy asoslari, raqamli ta’limda o‘quv jarayonini tashkil etish kabi oltmishdan ortiq mavzularda ma’ruzalar tinglanadi. O‘zaro tajribalar almashinib, muammolarga yechim axtariladi.