Xalqaro kuzatuvchilar koronavirus pandemiyasining ta’lim tizimiga salbiy ta’siri bo‘yicha bayonot berdi

COVID-19 pandemiyasi oqibatida butun dunyodagi maktablarning yopilishi davlatlardagi ta’lim tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Vaziyat maxsus choralar ko‘rilishini taqozo etmoqda, deya ta’kidladi xalqaro kuzatuvchilar.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi xalqaro ta’lim sohasidagi mavjud muammolarni yanada keskinlashtirdi. Pandemiyaga qadar butun dunyoda 258 million nafar maktab yoshidagi bolalar maktabga bormagan, ko‘plab bolalar judayam kam va sifatsiz ta’lim olgan. Kambag‘al oilalardagi bolalar maktab ta’limiga jalb etilmagan. Aksariyat mamlakatlarda barcha bolalar tomonidan olinishi kerak bo‘lgan bepul va sifatli boshlang‘ich va o‘rta ta’lim yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Kuzatuvchi mutaxassislar koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab ta’lim sohasiga jiddiy xavf solayotganligini quyidagi omillar asosida aniqlashdi:

Birinchidan, bu barcha turdagi maktablarning yopilishi.

Ikkinchidan, bu pandemiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari doirasida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz.

- Pandemiya ta’lim sohasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, dunyo bo‘ylab maktablarning yopilishi ta’lim sohasidagi o‘lkan yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. Salbiy oqibatlar kuzatilishi davom etadi. Sababi, sog‘liqni saqlash sohasidagi vaziyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarning ommaviy tushib ketishiga olib keladi”, - deyilgan taqdim etilgan bayonotda. - Yuzaga kelgan vaziyatga nisbatan jiddiy e’tibor qaratilmasa, maktablarning yopilishi ta’lim sohasidagi jiddiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Iqtisodiy inqiroz esa ta’limga bo‘lgan talabni kamaytirib yuboradi.

Qanday yo‘l tutmoq lozim?

Mutaxassislarning fikricha, agar mamlakatlar uzluksiz ta’lim yo‘nalishini ta’minlab bera olsa, ular vaziyatni yumshatishlari, hatto yangi imkoniyatlarni ham ochishlari mumkin. Kuzatuvchilar bu maqsadga erishish uchun uch bosqichli loyiha taklif etishdi:

- yengib o‘tish siyosati;

- uzluksiz boshqaruv;

- takomillashtirish va tezkorlik.

Birinchi bosqichda davlatlarga, bolalar sog‘lig‘ini asragan holda maktablarni talafotlarsiz yopish va masofaviy ta’limga o‘tish. Ikkinchi bosqichda, maktablarni qayta ochishga tayyorlash va uchinchi bosqichda orttirilgan tajriba va yutuqlardan kelgusida ham samarali foydalanish tavsiya etilmoqda.