Xalqaro maqom san’ati: soz va so‘z san’ati uyg‘unlashgan forum
Eronning “Nastar” ansambli va hindistonlik Ustad Iqbol Ahmat Xon ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Ozarbayjonning “Hayrati” jamoasi ijrochisi Nigor Shabanova va O‘zbekistonning “Saqil” ansambli birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Tojikiston maqom akademiyasiga anjumanning bosh sovrini – Gran-pri nasib etdi.
***
Sharq mumtoz san’atining asosiy janri targ‘ibotiga qaratilgan ushbu nufuzli anjumanning ommaviy tadbirlarida viloyatimiz vakillari ham ishtirok etdi. Ularning forum haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Lola Bo‘ltakova, kashtachi va qo‘g‘irchoq yasovchi usta hunarmand, Jomboy tumani:
– Biz ko‘rgazmada namoyish etgan qo‘g‘irchoqlar xorijlik ishtirokchilarning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ular esdalik sifatida mahsulotlarimizdan namunalar xarid qilishdi. Faoliyatim davomida ko‘pgina ko‘rgazmalarda ishtirok etganman. Shahrisabzdagi namoyishimiz barchasidan o‘zgacha o‘tdi.
Husan Fayzullayev, Samarqand san’at kolleji qoshidagi “Maqom” ansambli badiiy rahbari:
– Mamlakatimizda birinchi bor tashkil etilgan maqom san’ati anjumani biz uchun mahorat maktabi bo‘ldi. Garchi forumning ommaviy tadbirlarida qatnashgan bo‘lsak-da, 2020 yilda o‘tkaziladigan anjumanda guruhimiz bilan ishtirok etishni niyat qildik. Buning uchun tayyorgarlikni bugundan boshladik.
Eshbek Nomuratov, “Chavqi” folklor-etnografik ansambli badiiy rahbari, Bulung‘ur tumani:
– Jamoamiz bir necha yillardan buyon dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘tkazilgan san’at festivallarida o‘z chiqishlarini namoyish etgan. Buyuk Sohibqiron bobomiz barpo etgan Oqsaroydagi bu anjuman fayzi, jozibasi bilan barchani lol qoldirdi. Bu hukumatimizning milliy san’atimizni rivojlantirishga qaratilgan e’tibori, xorijlik mutaxassislarning maqomga bo‘lgan qiziqishi samarasidir.
Husan ELTOYeV.