Xalqaro moliya xizmatlarini joriy etish bank faoliyatida sifatni oshiradi
Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasida Markaziy bankka 1 fevralga qadar bank bo‘lmagan kredit tashkilotlari to‘g‘risida qonun loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi. Xo‘sh, qanday tashkilotlar bank bo‘lmagan tashkilotlar sirasiga va bu bilan qanday o‘zgarish bo‘ladi?
Bank bo‘lmagan kredit tashkilotlariga mikromoliya hamda mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish, shuningdek, faktoring tashkilotlari kiradi.
Bugungi kunda respublikamizda 63 ta mikrokredit tashkiloti, 64 lombard faoliyat ko‘rsatadi va ularning yarmi poytaxtda joylashgan. Viloyatimizda 1 ta mikrokredit tashkiloti, 2 ta lombard ish olib bormoqda. Bu esa moliyaviy xizmatlar iste’molchilarida tanlov imkoniyati darajasi pastligini, ya’ni bu bozorda asosiy ishtirokchilar tijorat banklari ekanligini bildiradi.
Viloyatdagi mazkur 3 ta nobank kredit tashkilotining portfel qoldig‘i 1 269 nafar qarzdor bo‘yicha 4,2 milliard so‘m, tijorat banklarining jismoniy shaxslar bo‘yicha portfeli qoldig‘i 219 ming nafardan ortiqroq qarzdorlar bo‘yicha 4,5 trillion so‘mdan ortiqroq ekanligini qiyoslash uchun ma’lumot bo‘la oladi. Bu boradagi qonunning qabul qilinishi esa huquqiy shart-sharoitlarni mustahkamlash bilan birgalikda moliya bozorida raqobatning, moliyaviy xizmatlar ommabopligi va sifatining oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, murojaatnomada Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlarini jalb etgan holda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish borasida ham vazifalar belgilandi. Chunki islom moliyaviy xizmatlari jahon moliya bozorida yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan sektor bo‘lib, 2019 yil yakunlari bo‘yicha 7 foiz o‘sishga erishib, dunyo bo‘yicha Islom moliyasi aktivlari 2,5 trillion AQSh dollaridan ortgan.
Yurtimizda Islom moliyaviy xizmatlariga bo‘lgan talab yuqoriligi, huquqiy bazaning yaratilishi ko‘plab xalqaro moliya institutlarining moliya bozoriga faol kirib kelishiga ijobiy turtki bo‘ladi. Bu ham moliyaviy xizmatlar bozorida takliflar hajmi va xilma-xilligi hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati oshishiga sharoit yaratadi.
Sherzod SUVONQULOV,
Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.