Xalqqa mehnati singganlar shunchaki unutilmaydi

Narpayda uzoq yil mahallada namunali mehnat qilgan, yaqingacha mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, maslahatchi sifatida ishlagan bir guruh ziyolilarga ehtirom ko‘rsatildi.
Ular tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Siz doim e’tibordasiz”, deb nomlangan tadbirga taklif etildi.
Tuman hokimi sobiq oqsoqollar, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarning mehnati bundan keyin ham qadrlanishi, mahalladagi yangi xodimlarga ham ularning tajribasi asqotishi haqida so‘zladi. Garchi ular bugun bu tizimda ishlamayotgan bo‘lishsa-da, doimo xalq e’tibori va e’tirofiga sazovor ekanligi aytildi.
Bir qator sobiq rais va maslahatchilar tuman hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. Har bir sobiq mahalla tizimi xodimiga sovg‘alar ulashildi.
Tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar hamda kulgi ustasi Farhod Xalilovning chiqishlari davraga fayz kiritdi.