Xavfsiz hudud posboni – osoyishtalik qalqoni
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Samarqand shahar hokimligi, "Mahalla" jamoat fondi viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latov va boshqalar viloyatda jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga to‘xtalib, yangi tuzilma mazkur jarayonda samarali faoliyat yuritishini ta’kidladi.
Shuningdek, yangi tuzilmada bor kuch va bilimi bilan jamiyat tinchligi, osoyishtaligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan faol xavfsiz hudud posbonlari kelgusida ichki ishlar organlariga ishga qabul qilinishi, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarga to‘lov shartnomalarini to‘lashda imtiyoz va imkoniyatlar berilishi qayd etib o‘tildi.
– Jamoatchilik nazorati bor joyda har qanday jinoyatchilik, huquqbuzarlikning oldi olinadi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov. – Shu bois ayni paytda huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish maqsadida joylarda "Xavfsiz hudud posbonlari" tuzilmasi tashkil etilmoqda. Samarqand shahridagi mahallalarda ilk bor tashkil etilayotgan yangi tuzilmaga 3105 nafar yoshlar jalb qilindi.
Ularning 1500 ga yaqini harbiy xizmatni o‘tab qaytgan oliy o‘quv yurtlarining talabalaridir. Ular har bir mahallaga 15 nafardan taqsimlanib, mahalla raisi, profilaktika inspektori, posbon jamoatchilik tuzilmalariga biriktirildi. Xavfsiz hudud posbonlari belgilangan reja asosida o‘zlarining xizmat kunlarida mahalla hududini kuzatib borishadi. Shubhali holatlarda profilaktika inspektori, mahalla posboni va boshqa biriktirilgan mutasaddilarga tegishli tartibda xabar berib, mavjud qonunga zid holatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Xavfsiz hudud posbonlari tuzilmasida xizmat qilish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Mutasaddilar tomonidan belgilangan talablar asosida eng munosiblar tanlab olindi.
– Yoshligimdan ichki ishlar organida xizmat qilishni orzu qilardim, – deydi "Xo‘ja Yusuf" mahallasiga biriktirilgan xavfsiz hudud posboni Bekzod Qobilov. – Bugun maqsadimning bir qismiga erishganimdan xursandman. Kelgusida bildirilgan ishonchni oqlab, ichki ishlar idoralarida xizmat qilaman.
Alisher ISROILOV,
Baxtiyor MUSTANOV
(foto).