Xavfsizlik muhiti sayyoh uchun muhim kayfiyat
Mazkur konsepsiyaga muvofiq, viloyat ichki ishlar boshqarmasida xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi. Viloyatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida boshqarma tarkibida "Turistlar politsiyasi" faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek MURODOV bilan shu xususda suhbatlashdik.
– Boshqarma shaxsiy tarkibi tanlov asosida shakllantirildi va birinchi navbatda, chet tillarni biladigan nomzodlar xizmatga qabul qilindi, – deydi U.Murodov. – Ayni vaqtda ko‘zda tutilgan 45 ta shtat birligi to‘liq jamlandi. Boshqarma uchun alohida bino ajratilib, inspektorlar transport va aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Jumladan, boshqarmaga ajaratilgan 2 ta "NEXIA-3" avtomobili va 1 ta "ISUZU" rusumli avtobus zarur texnologik vositalar bilan jihozlandi.
– "Xavfsiz turizm" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha boshqarma tomonidan qanday chora-tadbirlar olib borilmoqda?
– Birinchi navbatda Samarqand shahridagi turistik ob’yektlar to‘liq o‘rganib chiqildi. Shuningdek, shaharda ichki ishlar idoralarida tezkorlikni oshirish, kuch vositalaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan "Situatsion markaz"dagi geoinformatsion xaritaga ziyoratgoh va tarixiy obidalar haqida ma’lumotlar kiritilmoqda. Samarqand shahrida joylashgan turizm ob’yektlari, tarixiy obida va ziyoratgohlarga 196 kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Yana 43 ta ob’yektga 1 ming 500 dona qo‘shimcha videokuzatuv va qayd etish moslamasi qo‘yiladi.
Turistlarga respublika hududida amal qiladigan qoidalar, ro‘yxatdan o‘tish va viza olish jarayonlari, ular joylashgan maskanga yaqin bo‘lgan ichki ishlar organlariga favqulodda holatlarda xabar berish imkoniyatlarini ichiga olgan mobil ilovani joriy etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishuv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizga kirib kelayotgan turistlar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida "Ye-mehmon" tizimidan foydalanish bo‘yicha ham shunday jarayon davom etmoqda.
– "Turistlar politsiyasi" faoliyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Ushbu xizmat sayyohlarga har tomonlama ko‘maklashish, ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. "Turistlar politsiyasi" tarkibiga Samarqand davlat chet tillar instituti bilan hamkorlikda ingliz, fransuz, yapon, koreys va boshqa xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan hamda tariximiz, qadimiy obidalarimiz va milliy qadriyatlarimiz haqida chuqur bilimga ega bo‘lgan yigit-qizlar qabul qilindi. Xodimlar zarur aloqa vositalari, tibbiyot qutisi, Samarqandning tarixiy obida va madaniy ob’yektlari sxemasi bo‘lgan kichik xarita bilan ta’minlandi.
– Xodimlarni xizmatga tayyorlash va ularning sohaga oid bilim va malakalarini oshirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Bu borada Samarqand davlat chet tillar instituti bilan shartnoma imzolangan. Xodimlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan "Tourist police" uch oylik intensiv o‘quv dasturi asosida o‘qitilmoqda.
G‘olib ABDUSALOMOV
suhbatlashdi.