Xitoy bo‘ylab press-tur: Rivojlanish sur’atini 5 ming yillik o‘tmishdan izlab
Oshxonasining o‘ziga xosligi-yu, urf-odatlar, an’analarga ega xalq ekanligi ham bor gap. Ayniqsa, qisqa fursat ichida yuksak rivojlanish cho‘qqilariga erishgani haqidagi fikrlar ko‘p va xo‘p aytilgan Xitoy haqida. Aslida-chi? Aslida biz bilgan, eshitgan Xitoy Xalq Respublikasining bugungi ko‘rinishi qanday? Quyidagi safar taassurotlari shu haqda.
Bu oddiy sayohat emas, o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur. Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi, Xitoy xalqaro do‘stlik jamiyati, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan press-turda poytaxt hamda viloyatlardagi OAVlarda mehnat qilayotgan jurnalistlar jam bo‘lishdi.
Toshkent-Pekin aviareysidan tushiboq o‘n bir nafar jurnalistlar orziqib kutilgan Xitoy bilan yuzma-yuz bo‘lishdi. Pekin aeroporti yaqinida biz uchun shay turgan avtobusga joylashar ekanmiz, ko‘zimizni oynadan uzmadik. Bizga o‘sha kuni hamrohlik qilgan Vika ismli ayol savol berishga ulgurmasimizdanoq ko‘chalardagi har bir holatga izoh bera boshladi.
Barcha rivojlangan davlatlardagi singari bu yerda ham avtomobil yo‘llaridagi tirbandlik birinchi ko‘z tushadigan holat. Vikaning aytishicha, tirbandliklarning oldini olish, qolaversa, atmosfera musaffoligini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan qator chora-tadbirlar olib borilar ekan. Misol uchun, haftaning ma’lum bir kunlari qaysidir raqam bilan boshlanuvchi avtomobil egalari mashinalarini haydashiga ruxsat yo‘q. Avtomobilida ko‘chaga chiqsa, jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi. Umuman, bu yerda avtomobil egasi bo‘lish oson bo‘lsa-da, ammo raqam olish birmuncha murakkab ekan. Vika "Masalan, mening turmush o‘rtog‘im raqam olishni yetti yil kutdi", deydi. Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun ham jazo yengil emas. Deylik, uch marta qoidabuzarlikdan so‘ng haydovchi raqamlaridan ayrilib qolishi mumkin. Uni olish oson bo‘lmasligini esa yuqorida aytib o‘tdik. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘chada qoidabuzarliklar kam uchraydi. Yetti kun davomidagi press-turda ham Xitoyning qaysi shahriga bormaylik, asabiy haydovchini uchratmadik, tezlikni oshirgan, bir-birini quvib o‘tayotgan avtomobil egalari juda kam. Avtomobil yo‘llarini bir xil tezlikda, sokin oqib borayotgan daryoga mengzash mumkin. Birgina Pekinning o‘zida, bundan bir-ikki yil avvalgi ma’lumotga ko‘ra, 5 million avtomobil hamda mingdan ziyod yo‘nalishlar borligini hisobga oladigan bo‘lsak, uning ko‘lamini tasavvur qilish qiyin emas.
Yo‘llarda ikki o‘rindiqli, xuddi o‘yinchoq mashinalarga o‘xshaydigan elektromobillar ham ko‘p. Aytishlaricha, atrof-muhitga zarracha ziyoni yo‘q bu elektromobillar juda arzon – o‘rtacha 500 AQSh dollari turar ekan.
OSMON IBODATXONASI
Bugungi rivojlanish bosqichiga Xitoy qisqa muddat – 50 yilda erishgan bo‘lishiga qaramay, mamlakat 5 ming yillik tarixga ega. Shuning uchun dastur avvalida Xitoy tarixidan so‘zlovchi manzillarga sayohat uyushtirilishi belgilangan ekan.
Osmon ibodatxonasi – o‘z nomi bilan yuqori qismi osmon rangida, uch yarusli, xitoy arxitekturasi uslubida qurilgan. Qadim o‘tmishda bu yerga imperatorlar har yili qishki quyosh turg‘un payti tashrif buyurib, yaxshi hosil tilashgan, tabiat injiqliklaridan osmon xudosidan panoh so‘rashgan, qurbonliklar qilishgan. Qurbonliklarning go‘shti tanovul qilinmagan.
Landshaft dizayni va arxitektura durdonasi deb nom olgan Osmon ibodatxonasining asosiy maqsadi muqaddas qadamjo bo‘lishi barobarida koinot markazi borasida kosmologik tushunchalarni ham beradi. Majmua qurilishida turli numerologik tushunchalar qo‘llanilgan. Ibodatxona uch qavatli ko‘rinsa-da, ichkarisi bir qavatli baland bino (darvoqe, ichkariga kirish mumkin emas, eshiklar ochiq, ostonadan ichini bemalol tomosha qilish mumkin.) Bu yerdagi katta maydondagi yam-yashil o‘tloqzorlarda ertalab mahalliy aholi badantarbiya, aerobika mashqlari bilan shug‘ullanadi, milliy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi.
Yo‘lboshlovchimiz bularning har birini shunchalik zavq va ishtiyoq bilan aytib berardiki, uning so‘zlaridan ibodatxonadagi har bir tosh bir ma’noni anglatadigandek tasavvur uyg‘onadi. Va u bizning tasavvurlarimizni yo‘qqa chiqarmaydi, majmuadagi har bir detal shunchaki o‘rnatilmaganini isbotlab beradi. Ularning har birini qog‘ozga tushirib, o‘quvchini toliqtirib qo‘ymoqchi emasmiz, sababi, oldinda 730 ming metr kvadrat hududni egallagan Imperator saroyi tomoshasi kutyapti.
TAQIQLANGAN ShAHAR
Imperator saroyiga borish uchun anchagina hududni piyoda bosib o‘tishimizga to‘g‘ri keldi. Borguncha yam-yashil va sariq tusga kirgan daraxtzorlar, yashil o‘tloqlar va ulkan hovuz bo‘ylab yurasiz.
– Ushbu suv saroyni turli bosqinlardan himoya qilgan, – biror daqiqani shunchaki o‘tkazmaydigan Vika yo‘l-yo‘lakay tushuncha berib boradi. – 700 yil avval qad rostlagan bu shaharchada 24 nafar imperator hukmronlik qilgan. Hozirgi kunda uning 8 mingga yaqin xonalari saqlanib qolgan. Aytishlaricha, ular 9999 ta bo‘lgan ekan.
Ha, sezganingizdek, bu yerda ham to‘qqiz soni bilan bog‘liq juda ko‘p detalga duch keldik. Vika bular haqida gapirarkan, havoning ajoyibligi, tabiatning, kuz manzarasining go‘zalligidan zavqlanishdan charchamasdi.
– Besh-olti yil avval Pekinda musaffo osmonni ko‘rish muammo edi, – deydi Vika. – Sanoat korxonalarining chekka hududlarga ko‘chirilishi, ularning keskin modernizatsiyasi, ekologiyaga zararsiz elektromobillarning ommalashtirilishi tabiatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Taqiqlangan shahar nomini olgan, uch mingga yaqin ustalar qurgan, shimoliy va janubiy qismlarga bo‘lingan muhtasham Imperator saroyi. O‘sha paytlarda oddiy odamlar kirishi mumkin bo‘lmagan bu saroyni ko‘rishga bugun butun dunyodan millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Aytishlaricha, 2015 yilda bu maskan qatnov soni bo‘yicha dunyoda 6-o‘rinda bo‘lgan ekan. To‘q qizg‘ish tusdagi bir-biriga egizakday o‘xshash saroylarning har birining o‘z vazifasi bor. Tantanalar, majlislar, tomoshalar uchun alohida maydonlar. Erkak va ayollar uchun alohida saroylar. Saroyning ayollar yashaydigan qismi qattiq qo‘riqlangan. Imperatorning kamida 76 zavjasi bo‘lishi shart bo‘lgan ekan. Imperatorning ruxsatisiz saroyning ayollar yashaydigan qismiga hech kim kira olmagan.
Bu hudud ham timsollarga boy: ajdar – omad, yaxshilikning g‘olib kelishi, sher – kuch-qudrat, afsonaviy qushlar baxt kabi ma’nolarni ifodalovchi ramzlar saroy tomlarida, yerda, devorlarda ham uchraydi. Umuman, Xitoyda timsollar ko‘p, qizig‘i, ularning aksariyati omad, davlat, boylik ma’nolarini ifodalaydi. Ehtimol, bu ishonch Xitoyning kundan-kun rivojlanishida muhim omildir.
UCh YO‘LAK, YeTTI KO‘ChA
Xitoyning tarixiy hududlari haqida gap ketar ekan, mamlakatning janubiy qismi, Pekindan qariyb ikki ming kilometr olisdagi Fuchjouning eski shahrini tilga olmay iloj yo‘q. Ushbu qadimiy shaharchaning nomi shunday – Uch yo‘lak, yetti ko‘cha. Fuchjoudagi ushbu eski shaharchada 4-5 asr oldin, Min va Sin sulolalariga tegishli bo‘lgan 200 ga yaqin xonadon saqlanib qolgan. Bu ko‘chalardagi uylarda yog‘och eshiklar o‘ziga xos tarzda ishlangan, guruch va qumdan yacalgan devorlar, har bir xonadonda hovuzchalar, uning ustiga qurilgan qadim Xitoy uslubidagi teatr sahnasi – hammasi o‘z holicha saqlab qolingan. Qora rangga bo‘yalgan devorlar bu uyda badavlat insonlar istiqomat qilishini bildirar ekan. Hovuzchalarda xuddi o‘sha paytdagidek qizil baliqlar suzib yuribdi, suv yuzasida nilufar gullar yashnab turibdi. Bular ham omad, boylik ramzi sanalar ekan. Darvozalar tepasidagi qizil fonuslar nafaqat qadim shaharcha, balki Xitoyning zamonaviy binolarini ham bezab turibdi. Eski shaharchadagi katta bir ko‘cha hunarmandlar mahsulotlari bilan to‘la. Bu yerda ularning o‘zlari ham dastgohlarda mahsulot yasayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Sun’iy tarzda viqirlab turgan suvda chig‘anoqlardan chiqqan marvarid, marjonlar shiqir-shiqir qiladi, istaganingizni olib, munchoq yasatib olishingiz mumkin, tayyorlari ham juda ko‘p. Toshning ichiga naqsh chizuvchi qizlar, kumushdan ro‘zg‘orga kerakli buyumlar, taqinchoqlar yasayotgan hunarmandlar, ko‘z oldingizda xitoycha uslubda choy damlab berayotgan mutaxassislar, o‘ziga xos shirinliklar pishirayotgan xotin-qizlar. Bu holatlarning bari Uch yo‘lak, yetti ko‘chaga o‘zgacha qadimiy fusun berib turibdi.
Xitoyning tarixiy hududlariga sayohat qanchalik mazmunli o‘tmasin, bizni oldinda 44 qavatli osmono‘par binoda joylashgan Xitoy televideniyesi, kuniga 300 ming nusxada chop etiladigan gazeta tahririyati, mamlakat haqida axborot tarqatish bilan shug‘ullanuvchi markaz, 16 minggina aholiga ega, ammo 16 davlat elchixonasi mavjud Gu Langyu oroliga sayohat kabi bir-biridan qiziq manzillar kutmoqda edi. Ular keyingi maqolalarimizga mavzu bo‘laqolsin.
Gulruh MO‘MINOVA.
Toshkent-Pekin-Toshkent.