Xitoy savdo urushida mag‘lub bo‘ladimi? Oq uy Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yadroviy muzokaralar talab qilmoqda. USAID dasturlari qisman tiklandi. Tramp to‘xtatishga va’da bergan urushlar yana alanga oldi

🔹 Xitoy o‘z kuchiga ishonadi va AQSh bilan savdo qarama-qarshiligiga tayyor. Mamlakat 10 apreldan boshlab AQSh tovarlariga 84 foizlik qo‘shimcha bojlar joriy qilishini ma’lum qildi. AQSh savdo urushida mag‘lub etishga qodir yagona davlat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv qo‘zg‘atdi, deydi «CNN». Bu o‘n yildan ortiq davom etgan keskin munosabatning cho‘qqisi bo‘lib, XXI asr uchun burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Ikki qudratli davlat o‘rtasidagi taranglik bartaraf etilmasa, oqibat shunchaki savdo urushidan ham jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Ayni damda 60 ga yaqin davlatdan import tovarlariga Tramp tariflari kuchga kirgan. Uning o‘zi esa import tovar bojlari Amerika g‘aznasiga har kuni 2 milliard dollar olib kelishini aytmoqda.
🔹 AQSh va Eron vakillari shanba kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazadi.
🔹 Tramp ma’muriyati USAID xalqaro yordamini ommaviy yopish haqidagi qarorini qisman bekor qildi. Kamida oltita xorijdagi favqulodda yordam dasturlari tiklanadi.
🔹 Tramp prezidentlikkacha bergan va’dalari ustidan chiqolmayapti shekilli, Rossiyada ham, Falastinda ham urush cho‘g‘i yana alanga oldi. Rossiya Ukrainaga zarbalarini kuchaytirdi. Kecha zarbalar Dneprga berildi, ko‘plab qurbonlar bor. Isroil ham G‘azoga yirik hujumlarni davom ettirmoqda. Kecha kamida 26 kishi halok bo‘lgan, zarbalar to‘xtamayapti, deydi arab OAVlari. Janglarning yangi bosqichi boshlanganidan beri 1391 falastinlik halok bo‘lgan.
🔹 AQSh Oliy sudi 16 ming amaldorni ishdan bo‘shatish haqidagi qarorni tasdiqladi.
🔹 Kecha Dominikan Respublikasida klubning qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 79 kishiga yetdi. Karib dengizi mamlakati prezidenti Luis Abinader fojia tufayli uch kunlik milliy motam e’lon qilgan.
🔹 Associated Press Oq uyga qaytdi. Sudya Tramp ma’muriyatiga agentlikning Oq uyga kirishini tiklashni buyurdi. Agentlik Donald Trampga binoan Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb atashdan bosh tortgan.
🔹 Tarixda birinchi marta o‘ng qanot populist "Germaniya uchun muqobil" partiyasi so‘rovlarda boshqa bloklarni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi.
🔹 Kanada AQSh avtomobillari va ehtiyot qismlariga 25 foizlik qasos tariflarini joriy qiladi.
🔹 2025 yilning mart oyi rekordlar bo‘yicha ikkinchi eng issiq oy deb tan olindi. Kopernik iqlim o‘zgarishi xizmati olimlariga ko‘ra, Yer yuzidagi o‘rtacha havo harorati selsiy bo‘yicha 14,06 darajaga yetgan - 2024 yilning rekord darajadagi mart oyiga nisbatan atigi 0,08 daraja sovuqroq.
G.Xoldorova tayyorladi.