Xitoyda ichkilikka mukkasidan ketgan odamga chip o‘rnatildi

Spirtli ichimliklarga qaram bo‘lgan 36 yoshli erkak ichkilikka bo‘lgan ishtiyoqini yo‘qotish uchun jarrohlik yo‘li bilan implantatsiya qilingan birinchi odam bo‘ldi.

Har kuni nonushtadan avval 0,5 litr spirt ichib, kechqurun hushdan ketguncha shishadan ajralmagan bu odam endi sog‘lom hayotga qaytganini aytgan.

U Xitoyning markaziy qismidagi Xunan miya kasalxonasida BMTning Narkotik moddalarni nazorat qilish xalqaro kengashi sobiq vitse-prezidenti Xao Vey boshchiligidagi klinik sinov doirasida muolajadan o‘tkazilgan.

The Lancet tibbiy jurnalining hisobotida alkogol tufayli Xitoyda 2017 yil erkaklar o‘rtasida 650 ming, ayollar o‘rtasida 59 ming o‘lim (dunyoda 1- o‘rinda) qayd etilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, bir necha daqiqalik implantatsiyada o‘rnatiladigan chip insonning spirtli ichimliklarga bo‘lgan psixologik ehtiyoji bilan kurashishga yordam beradi. Bunda u organizm tomonidan so‘rilgan va miyadagi retseptorlarni nishonga oladigan naltrekson chiqaradi.

Ta’kidlanishicha, shu paytgacha spirtli ichimliklarga qaramlikni davolash uchun disulfiram asosiy vosita bo‘lgan. U yoqimsiz ta’sirga ega bo‘lib, jumladan, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va qusishni keltirib chiqargan. Chip yordamida ajraladigan naltrekson yumshoqroq va miyaning ichishni biologik jihatdan mukofotlaydigan qismini yopadi.

Yangi usul besh oy davomida samarali bo‘ladi. U boshqa giyohvand moddalarga qaramlikdan xalos bo‘lishda ham yordam berishiga umid qilinmoqda.