Xitoyliklardan nimani o‘rganish mumkin?

Mulohaza
Hayotdan yaxshi yashashning yo‘li bitta: avvalo o‘z kuchiga va ilmiga suyanish va boshqalarning yaxshi tajribalarini o‘rganish. Nafaqat kishilar, hatto davlatlar ham ana shu yo‘l bilan yuksak natijalarga erishmoqda. Misol uchun, bugun ko‘pchilik Xitoy tajribasini o‘rganyapti. Negaki, bu davlatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar kirib bormagan mintaqa qolmadi. Texnologik rivojlanishda ham jadal.
Shuning uchun O‘zbekiston, jumladan viloyatimiz ishbilarmonlari bu o‘lka tadbirkorlari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda, bordi-keldilar, fikr, tajriba almashuv va qo‘shma korxonalar ochish tezlashib ketdi.
Lekin kamina bu holatni kuzatish jarayonida ko‘proq shu o‘lkada istiqomat qiluvchi odamlarning fe’l-atvori, hayotga nuqtai nazari bilan ko‘proq qiziqdim. Chunki biz mentalitet deb atovchi odat-u xislatlar aksariyat hollarda maqsadga erishuvning tezligi yoki sustligini ko‘rsatib turadi. Shuning uchun Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida yashovchi aholi: xanlar, uyg‘urlar, qozoqlar, dunganlar hayoti bilan tanishish jarayonida kamina ulardan ko‘p narsani o‘rganish lozim, degan xulosaga keldim.
Eng avvalo, xitoyliklardan tartib-intizomni o‘rganishimiz kerak. Bu boradagi har qanday xato jiddiy kamchilik sanaladi va jazolanadi. Men anjumanlarni, tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tmaslik, tamakini faqat maxsus joyda chekish, chiqindini har joyga tashlamaslik kabi holatlarni nazarda tutyapman. Bundan tashqari, muomala madaniyatida ham barchasi amaldagi etiket va normalarga qat’iy rioya qiladi.
Ikkinchidan, e’tiborimni tortgan jihat, ularning oilaga munosabati bo‘ldi. Hayotga tayyor bo‘lmagan yigit va qiz oila qurish haqida bosh qotirmaydi. Shuning uchun yoshlarning ma’lum bir qismi 30-35 yoshgacha turmush qurmagan. 5-6 yil yashab, farzand ko‘rmaganlari ham o‘zining bola boqishga tayyor emasligini aytishdi. Albatta, bunday munosabatning yaxshi-yomon tomonlari bo‘ladi. Ammo gap insonning hayotga, o‘ziga bahosi ustida ketmoqda. Vaholanki bizda, yoshlarning oilaga tayyor yoki tayyor emasligi so‘rab o‘tirilmaydi. Bundan tashqari, ayrim oilalarda bir oy ichida homilasi sezilmagan kelinchak uyiga oborib qo‘yiladi.
Uchinchidan, xitoyliklarning sport, teatr va san’atga qiziqishiga havasim keldi. Deyarli barcha shaharlarda o‘nlab, yuzlab sport-istirohat bog‘lari bor. U yerlarda bizdagiga o‘xshab oshxonalar yo‘q, ertalabdan kechgacha aholi bu yerda sport bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shuningdek, mahallalarda, tashkilotlar binolari hovlisida, xullas, qayerdaki ozroq joy topilsa, sport trenajyorlari o‘rnatilgan, hatto qishloq joylarida. Konsert va teatrlarga oilaviy borish rusumga kirgan.
To‘rtinchidan, bu o‘lkada har bir tashkilotning muzeyi, monitoring guruhi bor. Keyingisini ilmiy-tadqiqot markazi desam ham bo‘ladi. Misol uchun, G‘o‘ljadagi "Do‘stlik" shifoxonasining ilmiy-tadqiqot markazida tibbiy xizmat sifatini har bir yo‘nalish bo‘yicha tahlil qilib, kamchiliklarni aniqlashar ekan, xizmat saviyasi, muolaja sifatini yaxshilash yo‘lida vrachlarga tavsiyalar berib boriladi. Bu takliflarni, hatto, bajarib ko‘rsatishadi.
Tabiiy ichimlik suvi ishlab chiqarish korxonasida ham ana shunday holatga duch keldik. Mutaxassisning aytishicha, tog‘lar orasidagi qoyada joylashgan katta muzlik bir yil davomida sinchiklab o‘rganilgan. Boshqa manbalarda parlanish, yomg‘ir va qordan paydo bo‘ladigan suvlarda chang bo‘ladi. Tog‘lar orasidagi muzda esa chang bo‘lmaydi. Ayniqsa u pastki qismidan eriy boshlasa, suvning tarkibi minerallarga boy bo‘ladi. Faqat bugina emas, ular ana shu suv tarkibining organizmga ta’sirini o‘rganib chiqishdi. Shu sababli bolalarga, katta yoshdagilarga, homilador ayollarga, yosh bolali ayollarga ana shu suvdan tayyorlandi. Va bugun u aholi o‘rtasida katta talab bilan harid qilinmokda. Yashirib o‘tirmaylik, bizning tijoratchilar qadoqlangan suv ishlab chiqarishda bunday talablarga e’tibor qilishmaydi.
Beshinchidan, xitoyliklarning tejamkorligiga to‘xtalib o‘tsak. Ular ha deganda yangi kiyim olavermaydi, pulni bekorga sarflamaydi. Hayotimizga endi kirib kelayotgan tomchilatib sug‘orish usuli bu yerda allaqachon ko‘nikmaga aylangan. Ili daryosi qirg‘og‘idan bor-yo‘g‘i 600 metr naridagi barcha yerlar tomchilatib sug‘orishga o‘tgan. Biz esa "otang mirob bo‘lsa ham, uying suv boshida bo‘lsin" degan qoidaga amal qilamiz. Qishloq joylarida ham ariq va kichik suv yo‘llari betonlashtirilgan.
Oshxonalarga ham e’tibor qildim: hech kim me’yoridan ortiqcha ovqat olmaydi. Mabodo yetmay qolsa, yana oladi, xullas, isrofgarchilik ko‘zga tashlanmaydi. To‘ylarini ham, boshqa tadbirlarini ham bizda hali odatga kirmagan "shvedcha stol"da o‘tkazishadi.
Oltinchidan, xitoyliklardan xizmat ko‘rsatish madaniyatini o‘rganishimiz kerak. Do‘konlar-ku o‘z yo‘liga, hatto bozorlarda ham sotuvchilar bizdagiga o‘xshab haridorga "shilqimlik" qilmaydi. Kutib olishda ham, hayrlashishda ham kayfiyatingizni ko‘taradi.
Tomorqa madaniyatida ham shunday holat ko‘zga tashlanadi: 1,5-2 sotixlik hovlichada oila iste’moli uchun deyarli hamma narsa yetishtiriladi, tovuq yoki qo‘y boqiladi.
Oxirgi saboqni yoshlarga kasb o‘rgatishda ko‘rdim. Kollejlarning deyarli barchasi ustaxonalardan iborat. Oddiy yoki elektron doska shu yerda o‘rnatilgan. Konsern yoki korxona mutaxassislari amaliy mashg‘ulotlar orasida dars o‘tishadi, ya’ni amalda ishning nazariy jihatini tushuntirishadi. Bu esa yoshlarda o‘zi egallayotgan kasbga nisbatan hurmatni oshiradi. Muhimi, uning ilmi bilan malakasi baravar shakllanadi.
Xitoyliklarda qat’iyatning, ishtiyoqning me’yori yo‘q, chunki biror yangilik yaratish bo‘yicha harakat qilayotgan bo‘lsa hech qanday to‘siq ularni to‘xtatib qololmaydi, birinchi bo‘lmasa ikkinchisi, ikkinchisi o‘xshamasa.., eng oxirgi maqsadiga erishmaguncha qat’iyat bilan harakat qilish xususiyati alohida tahsinga loyiq.
Maqoladagi sarlavhaga e’tibor qilgandirsiz, kamina Xitoy davlatidan emas, balki xitoyliklardan nimani o‘rganish haqida mulohaza yuritdim. Negaki, har qanday davlat tizimida ham aholining saviyasi, mentaliteti muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, Xitoy ham bizga begona emas: tabiiy iqlimi, odamlari fe’li bizga yaqin.
Lekin bu qudratli davlatdagi ijtimoiy muhit o‘z-o‘zidan shakllanmagan. Ular ham kimdandir o‘rganishgan. Biroq, ular o‘z xislatlarini tarbiyalay olishgan. Shuning uchun har bir xitoylik mas’uliyatsiz odam jamiyatda o‘rin topolmasligini, layoqatsiz inson kambag‘al bo‘lishini juda yaxshi biladi.
Farmon TOShEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.