Xizmatlar sohasi rivojlansa, aholi bandligi ta’minlanadi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish oltinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Dastlab deputatlar tomonidan viloyat mahalliy byudjetining 2022 yil xarajatlarini maqbullashtirish, Kengashning o‘tgan yil
30 dekabrdagi “Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2021 yildagi kutilayotgan ijrosi hamda 2022 yilgi mahalliy byudjetning belgilangan asosiy parametrlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-ilovasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qarorlar ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalari hamda Kengashning ikkinchi yarim yillik ish rejasi tasdiqlandi.
Viloyatda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovining yakunlari yuzasidan viloyat fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi F.Toshev axborot berdi.
Axborotda ta’kidlandiki, joriy yilning 16-27 may kunlari viloyatdagi 1126 mahallada saylov o‘tkazildi. Aholi tomonidan munosib deb topilgan mahalla raislarining 354 nafari ilgari ushbu vazifada ishlagan, 772 nafari birinchi marta mazkur lavozimga saylandi.
Sessiyada Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi G.Alimova xizmatlar sohasini rivojlantirish ishlarining ahvoli to‘g‘risida hisobot berar ekan, joriy yilning 7 iyun kuni Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilgan - shaharda yaratilgan yangi ish o‘rinlari salmog‘i rejaga nisbatan ancha pastligi sabablariga to‘xtaldi.
Nurobod tumani hokimi Sh.Yo‘ldoshevning tumanda xizmatlar sohasini rivojlantirish to‘g‘risidagi hisobotida keltirilishicha, faoliyat ko‘rsatayotgan va yangi tashkil etilgan xizmat ko‘rsatish ob’yektlarida xizmatlar hajmini kamaytirib ko‘rsatish, ish o‘rinlarini yashirish holatlari kuzatilmoqda. Shuning uchun joriy yilda “nol” hajm ko‘rsatgan 116 ta, kam hajm ko‘rsatgan 155 ta, bir ishchi xodim bilan ishlayotgan 169 ta korxonada kameral va profilaktik nazorat tadbirlarini amalga oshirish, nazorat kassa mashinalarini, statistik kuzatuv uslublari asosida sarflayotgan energiya resurslari sarfini, savdo terminallarining doimiy ishlashini nazoratga olish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, sessiyada viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi rahbarining hududlardagi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalardagi qurilish ishlarining borishi yuzasidan hisoboti tinglandi. Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida qabul qilingan qarorlarga o‘zgartirishlar kiritildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.