Xo‘jalik jamiyatlari o‘zini moliyalashtirishi mumkin

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik sub’yekti bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga ham o‘zlarini moliyalashtirish uchun korporativ obligatsiyalar chiqarishiga ruxsat berildi. Tijorat banklari kreditlari haqiqiy muqobili bo‘lgan korporativ obligatsiyalar chiqarish shartlari soddalashtirilgan holda xususiy korxonalarni moliyalashtirish uchun chiqariladi.

Bu fikrlar Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va uning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan korporativ obligatsiyalarni chiqarish tartibi va hujjatlarni tayyorlashda huquqiy maslahatlar berish hamda korporativ obligatsiyalarni chiqarish jarayonida yaqindan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan seminarda bildirildi.

Aksiyadorlik jamiyatlari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, kapital bozori sohasi mutaxassislari, tadbirkorlar ishtirok etgan seminarda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari D.Muhamedov korporativ obligatsiyalar chiqarish xo‘jalik jamiyatlarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish hamda ularning foydasini oshirishi uchun xizmat qilishini bildirdi. Shuningdek, investorlar tomonidan daromadli qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalar kiritishining ahamiyati haqida tushuncha berildi.

- Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar ham kapital bozoridagi qulayliklardan foydalanib, malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda korporativ obligatsiyalar chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin, - deydi D.Muhamedov. – Ya’ni, aylanma mablag‘iga ehtiyoj qoldirmaydigan haqiqiy muqobili, investorlardan bevosita shartnomalar orqali obligatsiyalarni chiqarib berish evaziga mablag‘ qabul qilish va obligatsiyada belgilangan muddat va foizlarda daromadlar to‘lash kabi harakatlar jamiyatni moliyalashtirish uchun xizmat qiladi. Bundan ko‘rinadiki, emissiyada belgilangan muddatdan so‘ng korporativ obligatsiyalar so‘ndiriladi va ushbu muddatda moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobiga jamiyat ishlab chiqarishi bardavom o‘sadi, moliyaviy barqarorligi ta’minlanadi. Shuningdek, foydasi oshib borishi evaziga keng aholining daromadi oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Seminarda xo‘jalik jamiyatlarining obligatsiyalarini chiqarish, kapital bozoridagi boshqa o‘zgarishlar bo‘yicha xo‘jalik jamiyatlari ishtirokchilariga keng tushunchalar berildi.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi axborot xizmati.