Xorij voqealari qisqa xabarlarda: 2024 yil Rossiya - Ukraina urushining hal qiluvchi yili bo‘lishi aytildi. HAMAS va Isroil kelishuv imzolashi mumkin
🔹 Shvetsiya Finlyandiya bilan birgalikda ittifoqqa qo‘shilish uchun ariza bergan edi, ikkinchisi qo‘shnisidan farqli o‘laroq o‘z yo‘lida deyarli hech qanday to‘siqlarga duch kelmadi. Shvetsiyaning NATOga bo‘lgan mashaqqatli yo‘li nihoyasiga yetdi. Vengriya parlamenti Turkiyadan keyin Stokgolmning harbiy ittifoqqa qo‘shilish haqidagi arizasini deyarli ikki yillik kutishdan so‘ng ratifikatsiya qildi.
🔹 Vengriya muxolifati hukumat iste’fosini talab qilmoqda. Vengriyaning to‘rtta muxolif partiyasi Budapeshtda qo‘shma namoyish uyushtirdi. Ular Orban ittifoqchisi – prezident Katalina Novak sudlangan pedofilning avf etilishi bilan bog‘liq janjal tufayli o‘z lavozimini tark etishga majbur bo‘lgach, hukumat iste’fosini talab qilishdi. Vengriyada prezident parlament tomonidan saylanadi. Bu masala bo‘yicha ovoz berish sanasi hali belgilanmagan. Davlat rahbarining vazifalarini endi parlament spikeri bajaradi.
🔹 "Ukrainada tinchlikka erishish uchun muzokaralar zarur, unda Vladimir Putin ishtirok etishi kerak". Bu haqda Avstriya kansleri Karl Nexammer ma’lum qildi. U, shuningdek, agar “foydali bo‘lsa”, kelajakda Rossiya prezidenti bilan uchrashishni istisno qilmasligini aytdi.
🔹 "Rossiya bilan urushning uchinchi yili hal qiluvchi bo‘ladi", dedi Zelenskiy matbuot anjumanida. "Bizning rejalarimizni qanchalik kam odam bilsa, biz shunchalik tez g‘alaba qozonamiz", dedi u.
🔹 AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga 4 martgacha erishilishi mumkinligini aytdi.
🔹 Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston) 27 fevraldan boshlab 19 ta oziq-ovqat qo‘shimchalari, jumladan, mashhur shakar o‘rnini bosuvchi steviyadan foydalanishni taqiqladi. Yana bunga chumoli kislotasi, ayrim maxsus bo‘yoqlar, ammoniy asetat va boshqalar kiradi. Ichimlik va boshqa mahsulotlarga qo‘shiladigan ushbu qo‘shimchalar insonlar va ayniqsa bolalarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
🔹 Eron insoniyat uchun eng katta xavf tug‘dirayotgani uchun dunyodagi barcha yadroviy qurol zaxiralarini yo‘q qilishni talab qilmoqda. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan aytdi. U “Yaqin Sharqda yadro qurolidan xoli hudud yaratish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar AQSh va uning ittifoqchilarining aybi bilan samarasiz qolayotganidan” afsusda ekanini bildirdi.
🔹 Falastin prezidenti Mahmud Abbos Muhammad Shtaye boshchiligidagi hukumat iste’fosini qabul qildi. Taxminlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining iste’foga chiqishi G‘azo sektoridagi mojaroga barham berish bo‘yicha olib borilayotgan vositachilik harakatlari hamda Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketish va anklavdan blokadani olib tashlash bo‘yicha xalqaro kafolatlar berilishi bilan bog‘liq.
🔹 Vengriya parlamenti yaqingacha Konstitutsiyaviy sud raisi lavozimida ishlab kelgan Tamash Shujokni mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi.
🔹 AQShning Missuri shtati fuqarosi sug‘urta puli uchun o‘z oyoqlarini kesib tashladi. 2023 yil noyabr oyida 60 yoshli odam traktorga ulangan o‘roq mashinasi bilan sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng ikkala oyog‘idan ayrilgan. Biroq, amerikalik sug‘urta imtiyozlarini olish uchun ariza topshirgach, ekspertlar bir nechta nomuvofiqliklarni aniqlagan.