Xorij voqealari qisqa xabarlarda: AQShdan 270 mingdan ortiq muhojir chiqarib yuborildi. Qirg‘iziston yangi temir yo‘li qurilishi boshladi. Marsda qurilish yo‘li topildi
🔹 AQSh o‘tgan yil davomida 270 mingdan ortiq muhojirni chiqarib yubordi. Bu so‘nggi o‘n yildagi rekord ko‘rsatkich. Deportatsiya ko‘payishi immigratsiya siyosati kuchayishi bilan yoki "Title 42" – pandemiyada muhojirlarni tez chiqarib yuborish siyosati bilan bog‘liq. Boz ustiga AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp barcha muhojirlarni deportatsiya qilishi va noqonuniy immigratsiyani milliy favqulodda holat deb e’lon qilish niyatida.
🔹 Turkiya Prezidenti Erdog‘an Damashq tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tashrif davomida xavfsizlik uchun Xama, Homs va Idlib chizig‘i bo‘ylab favqulodda havo va quruqlik qalqoni yaratiladi.
🔹 Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanganini ma’lum qildi. “O‘nlab yillar davomida qog‘ozda qolib ketgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi nihoyat amalga oshirilmoqda, 27 dekabrda qurilish ishlari boshlanadi”, dedi Japarov uchinchi Xalq Qurultoyida.
🔹 Nigeriyada maktab yarmarkasidagi tiqilinch oqibatida 35 nafar bola halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi. Fojia Ibadan shahridagi maktabda ishtirokchilar tadbirga asosiy darvoza orqali kirishga harakat qilganda sodir bo‘lgan. 5 ming kishiga mo‘ljallangan yarmarkaga 7 mingdan ortiq kishi kelgan.
🔹 Rossiyaning Yakutsk shahridagi izolyatorda yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, jarohatlanganlar bor.
🔹 Germaniya kansleri Sholsning partiya reytingi tushmoqda. Germaniya Sotsial-demokratik partiyasini qo‘llab-quvvatlash darajasi 14 foizga tushgan. 4 kun oldin Shols Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch votumi muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Bundestagni tarqatib yuborishni taklif qildi. Endi Shtaynmayer 21 kun ichida Bundestagni tarqatib yuborishi kerak.
🔹 Xorvatiya poytaxti Zagrebdagi maktabda pichoq bilan hujum qilgan o‘smir yetti kishini yaraladi. Ulardan biri halok bo‘lgan.
🔹 Google Rossiyada ikki yildan beri rasman ishlamayapti. Buning o‘rniga kompaniya o‘zining Rossiya filiali uchun bankrotlik jarayonini davom ettirmoqda va keshlash serverlari infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi.
🔹 Eronlik muhandislar Mars resurslaridan Qizil sayyoraning ekstremal sharoitiga bardosh bera oladigan qurilish materialini yaratmoqchi, deyiladi Acta Astronauticada. Ular zond va roverlar tomonidan to‘plangan mars regolit tuprog‘i kimyoviy tarkibini o‘rganishdi va ushbu materialdan yaratilishi mumkin bo‘lgan beton uchun bir nechta variantni taklif qilishdi. Ushbu beton yuqori quvvatga ega bo‘lib, bardoshli binolarni qurish uchun qo‘l keladi. Shuningdek, Marsda ko‘p uchraydigan va qurilish uchun zarur oltingugurtdan foydalaniladi. Olimlarning fikricha, texnologiya Qizil sayyorani insoniyat uchun yangi uyga aylantirsa ajab emas.