Xorij voqealari qisqa xabarlarda: BMT rezolyusiyasidan Isroil g‘azabda. Istanbulda IShIDga qarshi operatsiya. Rossiya muhojirlar muddatsiz mehnat shartnomasini taqiqlashi mumkin

🔹 Isroil BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyusiya qabul qilinishiga keskin munosabat bildirdi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Isroil delegatsiyasining AQShga tashrifini bekor qildi. Vashington AQShning ovoz berishda betaraf qolish qaroriga rozi emasligi bunga sababligini tan oladi. Shuningdek, G‘azo aholisi rezolyusiya matni mazmunidan hafsalasi pir. Falastinliklar doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilmoqda.
🔹 Nikol Pashinyan Gretsiyaning Kathimerini nashriga bergan intervyusida Armaniston va Turkiya munosabatlariga to‘xtaldi. Armaniston va Turkiya munosabatlarni normallashtirish jarayonini boshladi, bu esa mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish va chegaralarni to‘liq ochishga qaratilgan, dedi bosh vazir.
🔹 Istanbulda IShIDga qarshi o‘tkazilgan operatsiya natijasida 147 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Mamlakat o‘tgan yilning 1 aprelidan joriy yilning 25 martigacha IShIDga qarshi 1329 ta operatsiya o‘tkazgan bo‘lib, 2919 kishini terror tashkilotiga aloqadorlikda gumonlab, qo‘lga olgan.
🔹 Isroil mudofaa kuchlari Eron G‘azo sektori tashqarisidagi "to‘rt jabhada" yahudiy davlatiga qarshi kuchaygan "qarshilik o‘qi" hujumlari ortida turibdi, deb hisoblaydi. Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniyel Hagarining jurnalga aytishicha, Eron mintaqadagi barcha harbiylashtirilgan guruhlarni nazorat qiladi.
🔹 «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan so‘ng Rossiya Davlat Dumasi o‘lim jazosiga qo‘yilgan moratoriyni bekor qilish masalasini muhokama qilmoqchi. O‘lim jazosini qaytarish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlangach "nol o‘qish"ni o‘tkazish boshlanadi. Shuningdek, mamlakat muhojirlar bilan muddati ochiq mehnat shartnomalarini taqiqlamoqchi. Migrantlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari shartlarini ikki yilgacha cheklash taklif qilingan.
🔹 Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov kelasi hafta Rossiya Federatsiyasi va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilish rejalarini ma’lum qildi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Amerika rasmiylari Rossiya elchixonasiga “o‘tkinchi” tashrif buyurgan va "Krokus Siti Xoll"dagi terakt munosabati bilan hamdardlik bildirgach, aloqalar va ikki tomonlama munosabatlarning kelajagi bo‘yicha muhokamalar bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
🔹 Venesuelada prezident Nikolas Maduroning hayotiga suiqasdning oldi olindi. Bu uning nomzodi 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatga kiritilganidan keyin Karakas markazida bo‘lib o‘tgan mitingda sodir bo‘lgan.
🔹 Yevropa diplomatiyasi rahbari Xosep Borrel Yevropa Ittifoqining 27 davlati qurolli kuchlarini tarqatib, yagona armiya yaratish g‘oyasini amalga oshirish mumkin emasligini aytdi. “Biz 27 ta armiyadan voz kechib, bitta armiya yaratishimizga ishonish utopiyadir”, dedi u.
🔹 Turkiyada Akkuyu atom elektr stansiyasi ishchilarini olib ketayotgan avtobus halokatga uchradi, 23 kishi jarohat olgan. Avtobus Mersin shahrida ag‘darilib ketgan.
🔹 Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak mamlakat yadroviy arsenalini, jumladan, atom suv osti kemalarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘plamini e’lon qildi. Sunak, xususan, Barrou-in-Furnessda atom suv osti kemalarini qurish bilan shug‘ullanadigan kemasozlik zavodini rivojlantirish uchun 200 million funt-sterling sarmoya kiritilishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Britaniya hukumati kelgusi to‘rt yil davomida yadroviy tayyorgarlikka kamida 763 million funt-sterling sarflaydi.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.