Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Eron prezidentlik saylovlarida 6 nafar nomzod ishtirok etadi. Ukraina qurolli kuchlari samolyoti birinchi marta Rossiya hududidagi nishonga hujum qildi

Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida 6 nafar nomzod ishtirok etadi. Bular: Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf, Tehron meri Alirizo Zakoniy, Eron oliy rahbarining Eron Islomiy xavfsizlik kengashidagi vakili Said Jaliliy, sobiq adliya va ichki ishlar vaziri Mustafo Pourmuhammadiy, deputat Masud Pezeshkian va Eronning amaldagi vitse-prezidenti Amir Husayn G‘ozizoda Hoshimiy. Muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

🔹 Ukraina harbiy-havo kuchlari samolyoti birinchi marta Rossiya Federatsiyasining Belgorod viloyatidagi nishonga hujum qildi. Hujumda qanday qurol ishlatilgani haqida ma’lumot yo‘q. “Bu Ukraina harbiy-havo kuchlari tomonidan Rossiya hududidagi nishonga qarshi qo‘llanilgan birinchi o‘q-dori”, deyiladi manbada.

🔹 Shimoliy Koreya yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi Janubiy Koreya bilan chegaradan chiqindi solingan 310 ga yaqin havo sharlarini jo‘natdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, havo sharlarining so‘nggi partiyasida zaharli moddalar topilmagan. Shimoliy Koreya dam olish kunlari Janubiy Koreyaga 1600 dan ortiq axlat sharlarini uchirgan.

🔹 Pokiston Shveysariyadagi Ukraina bo‘yicha sammitda ishtirok etishdan bosh tortdi. Diplomatik manbalar bu qarorga bir qancha omillar sabab bo‘lganini aytdi: xalqaro betaraflik, format va maqsadlarning noaniqligi. BRIKS davlatlarining (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika) Ukraina bo‘yicha konferensiyada ishtirok etishdan bosh tortishi barqaror yechimlarga erishish uchun barcha asosiy o‘yinchilarning fikrlarini hisobga olish muhimligi va xalqaro diplomatiyaning murakkablashtirishini ko‘rsatadi. 

🔹 Prezident Vladimir Putin yaqin haftalarda Shimoliy Koreya va Vetnamga tashrif buyuradi. So‘nggi paytlarda Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar har ikki davlatning xalqaro izolyasiyasi sharoitida sezilarli darajada faollashdi. Sanksiyalarga qaramay, Rossiya Shimoliy Koreya bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘llarini qidirmoqda. Variantlar orasida transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, texnologiya va turizm sohasidagi hamkorlik kiradi. 

🔹 AQShning sobiq yetakchisi Donald Tramp AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydendan aqliy qobiliyatlari va organizmida giyohvand moddalar mavjudligini tekshirishni talab qilmoqda. “Bayden kognitiv testdan o‘tishi kerak... U tana testini ham topshirishi kerak”, deydi Tramp. Bayden va Tramp 27 iyun kuni CNN telekanalida teledebat o‘tkazishga kelishgan. 

🔹 Qirg‘iziston 6 oyga mamlakatga tovuq tuxumini olib kirishni taqiqladi. Maqsad - oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.

G.Xoldorova tayyorladi.