Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Ukraina Rossiya bilan sulh tuzishga rozi bo‘lishi mumkin. Kosovo dinordan voz kechdi. Netanyaxu Gitlerga tenglashtirildi

🔹 Bir kun avval Rossiyaning Belgorod shahriga Ukraina raketalari hujumi oqibatida portlagan o‘n qavatli turar-joy binosi vayronalarini tozalash ishlari yakunlandi. Halok bo‘lganlar 19 kishiga yetgan, 30 ga yaqini jarohatlangan.

🔹 Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh tuzilishi ehtimoli mavjud. Bu haqda The New York Times yozadi. Xususan, ikki tomon yuz minglab qurbonlar va milliardlab dollar sarflanganidan so‘ng ikki yil o‘tgach ham urush maydonida vaziyat "aytarli o‘zgarmagan" degan taassurot paydo qiladi. Bu Rossiya bilan sulhga kelishish uchun Ukraina rahbariyatiga ham bosimni kuchaytiradi, deb hisoblaydi nashr.

🔹 Gruziya parlamenti bir oy davomida har kuni keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga sabab bo‘layotgan “Chet el ta’sirining ochiqligi to‘g‘risida”gi shov-shuvli qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi va qabul qildi.

🔹 Ertadan boshlab Kosovo serb dinoridan voz kechadi. Kosovoda serb dinoridan voz kechish bilan bog‘liq o‘tish davri tugamoqda, ertadan boshlab to‘lov vositasi sifatida faqat yevro qabul qilinadi.

🔹 Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatida sodir bo‘lgan suv toshqini qurbonlari soni 300 kishidan oshdi. 1000 dan ortiq uy vayron bo‘lgan. Afg‘oniston meteorologiya boshqarmasi Badaxshon, Tahor, Bag‘lon, Panjsher, Kunar, Nuriston va Nangarhor viloyatlarida kuchli yog‘ingarchilik haqida ogohlantirgan.

🔹 "Netanyahu va uning genotsid usullari hatto Gitler tan beradigan darajaga yetdi". Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on shunday fikr bildirgan. Isroil bosh vazirining G‘azo sektoridagi harakatlari natsistlar Germaniyasi yetakchisi Adolf Gitlerning Ikkinchi jahon urushi davridagi jinoyatlaridan hech qanday kam emas, deydi u.

🔹 Turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani shafqatsizlarcha o‘ldirishda ayblanayotgan Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev 24 yilga ozodlikdan mahrum etildi.