Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Xitoy – Rossiya chegarasida ulkan tirbandlik. Armaniston Ozarbayjonga to‘liq kelishilgan tinchlik bitimi loyihasini topshirdi
🔹 AQSh vitse-prezidenti, Demokratik partiyadan hukumatning oliy lavozimiga nomzod Kamala Xarris raqibi respublikachi Donald Tramp bilan teledebatlarga tayyorligini ma’lum qildi. Prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debat 10 sentyabr kuni o‘tkaziladi. Ayni paytda Donald Tramp va demokrat Kamala Xarrisning reytinglari deyarli teng.
🔹 Rossiya Turkiyada qurayotgan Akkuyu atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini ishga tushirishga tayyorlanmoqda.
🔹 Jazoirning amaldagi rahbari Abdelmadjid Tebbun prezident etib qayta saylandi.
🔹 Nigeriya markazidagi Niger shtatida yonilg‘i tashuvchi tankerning gavjum shosseda portlashi oqibatida kamida 48 kishi halok bo‘lgan.
🔹 Hindiston Oliy sudi Kalkutta shahrida adolat talab qilgan norozilik namoyishchilari –shifokorlarga 10 sentyabrga qadar ishga qaytishga qaror chiqardi. Qaror tibbiy yordam ko‘rsatilmagani sababli 23 kishining o‘limi haqidagi xabarlardan so‘ng qabul qilindi. Namoyishlar 31 yoshli xodim ayolning jasadi Kalkuttadagi tibbiyot majmuasining seminar xonasida topilganidan keyin boshlangan. Hindistonning turli shtatlarida norozilik namoyishlari davom etmoqda.
🔹 Rossiyaga eski narxlarda avtomobillar va maxsus texnikalar ommaviy ravishda olib kirilishi sababli Xitoy bilan chegarada ko‘p kilometrlik tirbandliklar yuzaga keldi.
🔹 Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu 48 xil terma jamoaga gol urib, yangi rekord o‘rnatdi.
🔹 Rossiya KVNi asoschisi va teleboshlovchisi Aleksandr Maslyakov 8 sentyabr kuni 82 yoshida vafot etdi. Uning mulki rafiqasi, o‘g‘li va nabirasiga meros bo‘lib o‘tadi. 2013 yilda unga tegishli kompaniyaning daromadi yiliga kamida 3,5 million dollarni tashkil etgan.
🔹 Shvetsiyaning Stokgolm yaqinidagi eng yirik Arlanda aeroportida 9 sentyabrga o‘tar kechasi dronlar tufayli parvozlar to‘xtatildi. Aeroport uzra to‘rtta dron uchgan.
🔹 Armaniston Ozarbayjonga to‘liq kelishilgan tinchlik bitimi loyihasini topshirdi, Yerevan Bokuning javobini kutmoqda — Armaniston TIV.
🔹 Yevropa Ittifoqi Slovakiyani demokratik me’yorlarni buzgani uchun moliyalashtirishdan mahrum qilishi mumkin. Bunga Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning Yevropa Ittifoqi mablag‘lari bilan bog‘liq korrupsiya ishlariga mas’ul maxsus prokuraturani tugatish haqidagi qarori sabab bo‘lgan.