Xorij xabarlari: Eronda halokatli YTH. Qirg‘iziston kumush tanga chiqardi. Yaponiyada 200 ta reys kechiktirildi
🔹 Qirg‘iziston Milliy banki Qoraqirg‘iz avtonom viloyati tashkil topganining 100 yilligi munosabati bilan kumush tanga chiqardi.
🔹 Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlarni tanqid qilib, AQSh dunyodagi eng katta strategik xavf manbai ekanini aytdi. Pekinning fikricha, Vashington yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaslik uchun “Xitoy yadro tahdidi”ni ataylab bo‘rttirib ko‘rsatmoqda.
🔹 Eronda 53 nafar pokistonlik ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobus ag‘darilib ketdi. Baxtsiz hodisa natijasida 35 kishi halok bo‘lgan, 18 kishi jarohat olgan.
🔹 Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasida migratsiya bo‘yicha 28 ta qonun loyihasi e’lon qilindi. Ular orasida past malakali mehnat muhojirlari tomonidan yaqinlarini olib kirishni taqiqlash, chet el fuqarolari Rossiyaga kirishda barmoq izlarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, migrantlar faoliyatining ayrim turlarini, jumladan, tibbiyot va ta’lim sohalarini cheklash kabilar bor.
🔹 Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Polsha va Ukrainaga tashrifi doirasida Rossiya-Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishni muhokama qilish mo‘ljallagan. Ushbu davlatlarga tashrifi 21-22, 23 avgust kunlari o‘tadi.
🔹 AQSh prezidenti Jo Bayden mart oyida Xitoyning yadroviy arsenallari tez ko‘payib borayotganiga javoban maxfiy strategik yadro rejasini tasdiqladi. Ushbu hujjatni qabul qilish Pentagonning yaqin o‘n yillikda Xitoyning yadroviy zaxiralari soni va xilma-xilligi bo‘yicha AQSh va Rossiyanikiga tenglashishi mumkinligi haqidagi bahosi fonida kelishilgan.
🔹 Afg‘onistonning yomonliklarning oldini olish va ezgulikni targ‘ib qilish vazirligi soqol o‘stirish talabiga rioya qilmagani uchun 280 dan ortiq xavfsizlik kuchlarini xizmatdan ozod qildi.
🔹 Bugun ertalab Hizbulloh Isroil shimoliga kamida 135 ta raketa uchirgan.
🔹 Isroil HAMAS bilan kelishuv doirasida G‘azo sektoridan qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘ldi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken kelishuv tuzish bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tayotgan Qatarda aytdi.
🔹 Rasmiy ovoz berishdan so‘ng AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Demokratik partiyadan davlat rahbari lavozimiga nomzod etib tasdiqlandi.
🔹 Tolibon BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisiga Afg‘onistonga kirishni taqiqladi.
🔹 Yaponiyada 200 ta reys kechiktirildi va yana 36 tasi bekor qilindi. Sababi - reysning jo‘nash joyidagi do‘kondan qaychi g‘oyib bo‘lgan. Undan bortda qurol sifatida ishlatilish xavotiri shunday yo‘l tutishga majbur qilgan.