Xorijdan yuborilgan jo‘natma ichidan nima chiqdi?
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni pochta jo‘natmalarida, shu jumladan, xalqaro pochta jo‘natmalarida jo‘natish qat’iyan taqiqlangan.
Ammo shunga qaramay, pochta jo‘natmalari orqali tarkibida psixotrop va narkotik moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini jo‘natish holatlari hamon uchramoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan fuqarolar X.N., D.J. va B.A. nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmalari nazoratdan o‘tkazilganida, unda deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 130 dona tarkibida “psevdoefedrin” psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalari hamda 50 dona tarkibida psixotrop moddalari mavjud “Fenazepam” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.
Shuningdek, fuqaro N.M. nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasida 11 dona “kannabis” o‘simligining urug‘lari yashirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.