“O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filialida ishlagan uch nafar ayol qamoqqa olindi
Samarqandda Hakberdiyeva Aziza Olimjonovna, Rajabova Anora Alisherovna, Hamidova Lola Malikovna, Samatov Xayriddin Haydarovich, Ahmedov Sharob Misirovich va Qarshiyev Olimjon Tovboyevichlarga nisbatan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan 1-1401-1906/322-sonli jinoyat ishi ochilgan.
Bu haqda «Jahon.uz» nashriga huquq tartibot idoralaridagi ishonchli manba to‘liq ma’lumot berdi va ushbu ishga doir tergov va sud hujjatlarini taqdim qildi.
Hakberdiyeva Aziza Olimjonovna 1992 yil 3 yanvar kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta-maxsus, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasi pul o‘tkazmalari bo‘yicha operatori bo‘lib ishlagan. Unga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (JK)ning 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandi, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Rajabova Anora Alisherovna esa 1995 yil 7 yanvar kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta-maxsus, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasi pul o‘tkazmalari bo‘yicha operatori bo‘lib ishlagan. Unga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandi, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hamidova Lola Malikovna 1972 yil 10 mart kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta-maxsus, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasi pul o‘tkazmalari bo‘yicha nazoratchi Operator bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandi, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoya ishi qo‘zg‘atilgan.
Samatov Xayriddin Haydarovich 1983 yil 14 iyul kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta-maxsus “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasida hisobchi bo‘lib ishlagan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi “v, g” bandi, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ahmedov Sharob Misirovich 1965 yil 10 aprel kuni Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan jinoya ishi qo‘zg‘atilgan.
Qarshiyev Olimjon Tovboyevich 1987 yil 16 may kuni Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasi bosh hisobchisi lavozimida ishlagan. Unga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi bilan aybov e’lon qilingan.
Ish hujjatlarida aniqlanishicha, Hakberdiyeva Aziza Olimjonovna 2014 yil 4 apreldan 2018 yil 25 sentyabrgacha, Rajabova Anora Alisherovna 2014 yil 8 avgustdan 2018 yil 25 sentyabrgacha, Hamidova Lola Malikovna 2016 yil 8 fevraldan “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali Samarqand tumanlararo pochta aloqa bog‘lamasi pul o‘tkazmalarini qayta ishlash bo‘yicha operator vazifasida ishlab kelishib, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab, jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 2018 yil 1 yanvar kunidan 10 sentyabr kuniga qadar fuqarolardan aliment to‘lovlari va boshqa pul jo‘natmalari uchun jami 3 mlrd. 138 mln. so‘m naqd pul mablag‘larini o‘zlarining ixtiyoriga va javobgarligiga qabul qilishib, mazkur mablag‘larning bir qismini pochta aloqa kassasiga topshirmaslik va o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatish maqsadida, ushbu naqd pul mablag‘larining 639 mln. so‘mi, Lola Hamidovaning ishtirokligida esa 608 mln. so‘mi, uchun naqd pul qabul qilinganligi haqida “Shakl-5” kvitansiyalarini rasmiylashtirmasdan hamda ushbu pul mablag‘lari pul ko‘chirish yo‘li bilan qabul qilinmaganligi, to‘lov-topshiriqnomalari berilmaganligi va ushbu mablag‘lar pochta hisob-raqamiga kelib tushmaganligi, bu haqda rasmiy hujjatlar mavjud emasligini bila turib, ushbu pul mablag‘lari go‘yoki pul ko‘chirish orqali qabul qilinganligi haqidagi yozuvlarni pochta aloqa bog‘lamasining elektron dasturida kompyuter texnikasi vositalaridan foydalangan holda aks ettirishib, ushbu pul mablag‘lari 4 mlrd. 791 mln. so‘m ekanligini elektron dasturda ko‘rsatib, pul oluvchi shaxslarga “O‘zbekiston pochtasi” AJning umumiy hisob-raqami hisobidan pul mablag‘lari yuborilishini ta’minlab, “O‘P-42” kassa ma’lumotnomasida esa aksept sifatida qabul qilingan mablag‘larni 4 mlrd. 152 mln. so‘m qilib qayd etib, pul mablag‘lari tegishli oluvchi shaxslarga yetkazilganligi yuzasidan “Shakl-115” ma’lumotnomalarini qalbakilashtirib rasmiylashtirib, o‘zlarining ixtiyorida qolgan jami 639 mln. so‘m pul mablag‘larini “O‘P-42” kassa ma’lumotnomasi hujjatlarida aks ettirmasdan hamda pochta aloqa bog‘lamasining kassasiga topshirmasdan, o‘z ixtiyoridagi o‘zgalarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.
A.Hakberdiyeva, A.Rajabova, L.Hamidova va bog‘lama hisobchisi sudlanuvchi X.Samatovlar tomonidan 2018 yil 1 yanvar kunidan 10 sentyabr kuniga qadar jismoniy va yuridik shaxslardan qabul qilingan pul mablag‘larini “O‘zbekiston pochtasi” AJning pochta aloqasi hududiy (viloyat) filiallari va ob’yektlarida kassa operatsiyalarini yuritish qoidalari”da va pochta tizimiga oid boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda qabul qilmasdan, hujjatlarni rasmiylashtirmasdan va ish yuritmasdan, pochta hisob raqamiga pul mablag‘lari kelib tushgan korxona-tashkilotlar taqdim qilgan ro‘yxatdagi shaxslarga emas, balki umuman boshqa fuqarolarning nomiga pul mablag‘larini rasmiylashtirib, to‘lov topshiriqnomalaridan qaytadan foydalanib boshqa shaxslarning nomiga pul mablag‘larini qayd etib, jami 782.949.000 so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yib, bu holatlarga o‘ta beparvo va loqayd munosabatda bo‘lib, aloqa operatorlari tomonidan taqdim qilingan hisobotlarni lozim darajada o‘rganmasdan, tekshirib ko‘rmasdan, ularni birlamchi buxgalteriya hujjatlari bilan solishtirmasdan qabul qilib kelib, o‘z vazifalariga vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lib davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.
Ushbu jinoiy harakatlar sud tartibida ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi Haqberdiyeva Aziza Olimjonovna O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari va 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 59,61-moddalariga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui bo‘yicha 2 (ikki) yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 (besh) yil 2 (ikki) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi Haqberdiyeva Aziza Olimjonovnaga nisbatan qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasi o‘zgartirilib va sud zalidan qamoqqa olindi.
Sudlanuvchi Rajabova Anora Alisherovnaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 59,61-moddalariga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui bo‘yicha 2 (ikki) yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 (besh) yil 2 (ikki) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi Radjabova Anora Alisherovnaga nisbatan qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasi o‘zgartirilib va u ham sud zalidan qamoqqa olindi.
Sudlanuvchi Hamidova Lola Malikovna O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari va 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 59,61-moddalariga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui bo‘yicha 2 (ikki) yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 (besh) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi Xamidova Lola Malikovnaga nisbatan qo‘llanilgan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u darhol sud zalidan qamoqqa olindi.
Sudlanuvchi Samatov Xayriddin Haydarovich O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi “a, g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasiga asosan, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 2 (ikki) yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy avobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foiz miqdori davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda, 2 (ikki) yil 6 (olti) oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi Qarshiyev Olimjon Tovboyevich O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi. Unga, O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi bilan JKning 45-moddasiga asosan, 1 (bir) yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foiz miqdori davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda, 1 (bir) yil 6 (olti) oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchi Ahmedov Sharob Misirovich O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi. Unga, O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi bilan JKning 45-moddasiga asosan, 1 (bir) yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 (yigirma) foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda, 1 (bir) yil 6 (olti) oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi A.Hakberdiyeva, A.Rajabova va L.Hamidovalardan qoplanilmay qolgan 574.637.000 (besh yuz yetmish to‘rt million olti yuz o‘ttiz yetti ming) so‘m yetkazilgan zarar solidar tartibda “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali foydasiga undirilishi ham belgilandi.