Samarqand pochta aloqa bog‘lamasidagi o‘zibo‘larchilik tadbirkorning ovoragarchiligi va ortiqcha xarajat qilishiga sabab bo‘ldi

Mutasaddilarga chora ko‘radigan mard topiladimi?

“Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonun pochta xizmatidan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda majburiyatlari bilan birga pochta bog‘lamalari va xodimlarining burchlari ham mustahkamlangan. Lekin...

Respublikamizda o‘rnatilgan pochta aloqasi xizmati ko‘rsatish tartib-taomillariga joylarda qanday amal qilinyaptimi?

Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Щyolkovo Agroxim – O‘zbekiston” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi 2021 yil 11 may kuni (103-sonli chiqish xati) Payariq tumanlararo iqtisodiy sudiga “Payariq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan o‘zaro tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha to‘lanmagan pul mablag‘ini undirib berish haqidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan edi. Sudning 12 may kuni qabul qilgan ajrimiga ko‘ra, qo‘shma korxonaning da’vo arizasi yuzasidan qo‘zg‘atilgan iqtisodiy ishni ko‘rib chiqish 2021  yil 24 may, soat 11.00 ga belgilangan.

  Ammo qo‘shma korxonaga sudning ushbu ajrimi vaqtida yetkazilmagan, ya’ni ajrim 2021 yil 24 may kuni soat 14.15 da sud majlisi o‘tib ketganidan so‘ng yetkazilgan.

  Sud o‘zining 2021 yil 24 maydagi ajrimi bilan “Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida da’vogarga sudning 2021 yil 12 maydagi ajrimi yuborilgan. Pochta aloqasi tomonidan sud ajrimi da’vogarga yetkazilgan. Lekin da’vogar sud majlisida o‘z vakili ishtirokini ta’minlamadi”, degan vaj bilan ishni ko‘rmasdan qoldirish haqidagi to‘xtamga kelgan.

  Surishtiruvlarimiz natijasida ma’lum bo‘ldiki, Payariq tumanlararo iqtisodiy sudining 2021 yil 12 maydagi qo‘shma korxonaning “Payariq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan to‘lanmagan pul mablag‘ini undirib berish haqidagi da’vo arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan iqtisodiy ishni ko‘rib chiqishni 24 may kuni soat 11.00 ga belgilash haqidagi ajrimi sud tomonidan xat bilan pochta aloqa tizimi orqali da’vogar joylashgan Samarqand shahar M.Koshg‘ariy ko‘chasi, 49-uy manziliga jo‘natilgan. Ushbu xat Samarqand shahar pochta bog‘lamasiga 18 may kuni kelib tushgan va xat muqovasiga pochta bog‘lanmasining bu haqdagi muhri urilgan.

  Ammo “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati Samarqand shahar pochta bog‘lamasi mas’ul xodimi (kurer) Aziza Aripova tomonidan hujjat adresat (oluvchi bo‘lgan “Щyolkovo Agroxim – O‘zbekiston” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi) ga 2021 yil 17 may kuni yetkazildi, degan ma’lumot sudga taqdim etilgan. Aslida sud majlisining vaqti va kuni to‘g‘risidagi ajrim pochta orqali da’vogarga 2021 yil 24 may kuni soat 14.15 da yetib kelgan. Bu vaqtda sud majlisi (soat 11.00 ga tayinlangan) vaqti allaqachon o‘tib ketgan edi. Oqibatda sud da’vogarning vakili sud majlisiga qatnashmaganligi sababli da’voni ko‘rmasdan qoldirgan.

  “Щyolkovo Agroxim – O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi mazkur da’vo bo‘yicha katta miqdordagi davlat boji va pochta xarajatlarini to‘lagan edi. Pochta xodimining mas’uliyatsizligi tufayli sudga berilgan yolg‘on xabarga ko‘ra da’vo arizasi sud majlisida ko‘rib chiqilmadi. Qo‘shma korxona uch oylik ovoragarchiliklar bilan o‘zining haq ekanligini, pochta bog‘lamasining sudga bergan ma’lumoti yolg‘on ekanligini isbotlab berdi. Viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va Payariq tumanlararo iqtisodiy sudi (sudya B.Jo‘rayev) adolatni tikladi hamda javobgar - “Payariq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan qo‘shma korxonaga to‘lanmagan pul mablag‘larini undirib berish haqida qaror qabul qildi.

  Lekin bungacha qanchadan-qancha sarsonchilik va asabiylashishlar, moddiy talafotlar bo‘ldi.

  Qo‘shma korxona masalaga oydinlik kiritish uchun “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand pochta aloqa bog‘lamasi boshlig‘iga 2021 yil 19 iyuldagi 169-sonli chiqish xati bilan murojaat qilib, Payariq tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2021 yil 12 may kunidan 2021 yil 24 may kunigacha bo‘lgan davrda Samarqand shahar M.Koshg‘ariy ko‘chasi 49-uyda joylashgan “Щyolkovo Agroxim – O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi nomiga yuborilgan xatning Samarqand pochta aloqa bo‘limiga kelib tushganligi va qabul qiluvchiga yetkazilganligi to‘g‘risida rasmiy ma’lumot berishini so‘ragan edi. Murojaat xatini pochta aloqa bo‘limining mas’ul xodimi  X.Nurillayev 2021 yil 19 iyul kunining o‘zidayoq qabul qilib olgan.

  “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasi birinchi qismi mazmuniga ko‘ra, ariza tashkilotga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish yoki tekshirish talab etilganda esa bir oygacha muddatda ko‘rib chiqiladi (qo‘shma korxona so‘ragan ma’lumotlar qo‘shimcha tekshirishni talab qilmas edi).

  Ming afsuski, Samarqand pochta aloqa bog‘lamasi rahbariyatiga bir necha marta eslatganimizga qaramasdan qo‘shma korxona arizasiga 42 kundan so‘ng javob yubordi. Ustiga-ustak javob xatida qo‘shma korxona so‘ragan ma’lumotlar berilmasdan, murojaat mazmuniga hamda qonunga mutlaqo zid bo‘lgan va xat jo‘natuvchiga (aslida qo‘shma korxona xat oluvchi!) tegishli bo‘lgan pochta xizmati ko‘rsatish qoidalarini tushuntirishga harakat qilingan.

  “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasiga binoan murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik javobgarlikka sabab bo‘ladi. “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”ning 43-moddasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik ma’muriy javobgarlikni yuzaga keltiradi.

Shu bois qo‘shma korxona Samarqand shahar prokurori nomiga murojaatnoma kiritib, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati Samarqand pochta aloqa bog‘lamasining mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atishni so‘radi.

  Samarqand pochta aloqa bo‘linmasi xodimlarining ushbu nayranglarini qanday  tushunsa bo‘ladi?! Bu qonunlarni mensimaslikmi yoki manmanlikmi? Qo‘shma korxona misolidagi holat yakka-yagonamikan? Yoki pochta xizmatiga ishi tushgan Samarqand shahridagi barcha jismoniy va yuridik shaxslarning peshonasiga yozilgan ovoragarchilikmikan?

  Ushbu savollarga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari javob beradi, degan umiddamiz.

Yo‘ldosh Suyunov,

“Щyolkovo Agroxim–O‘zbekiston” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining yuriskonsulti.