Qo‘rqmang, pochtani olavering!
Keyingi paytda bir qator davlat organlari karantin munosabati bilan pochta jo‘natmalari va davriy matbuot nashrlarini qabul qilishni to‘xtatgani, faqatgina elektront ko‘rinishdagi hujjatlarni qabul qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holatga O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ham e’tibor qaratib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga xat yubordi.
Vazir o‘rinbosari imzosi bilan yo‘llangan xatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonunining 17-moddasiga binoan pochta aloqasi tarmog‘i orqali pochta va kurerlik jo‘natmalarini jo‘natishga doir cheklovlar qonun hujjatlarida belgilanadi.
Respublika komissiyasi hamda Butunjahon pochta ittifoqi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan pochta aloqasi xizmatlarini va davriy matbuot nashrlarini chop etishni to‘xtatish, pochta jo‘natmalarini cheklash to‘g‘risida qarorlar qabul qilinmagan. Shuningdek, Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorat Davlat inspeksiyasi rahbarining pochta jo‘natmalari virus tashuvchi vosita hisoblanmasligi to‘g‘risidagi axboroti mavjud.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Siz va hududiy bo‘linmalaringiz manzili bo‘yicha pochtalonlar tomonidan yetkazib berilayotgan pochta jo‘natmalarining qabul qilinishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berishingizni so‘raymiz, deyiladi xatda.
Shuningdek, xatda “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan pochta jo‘natmalarini saralash va manziligi yetkazib berish jarayonida tegishli sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinayotgani eslatilgan.