Viloyat pochtasidan chiqqan xat tahririyatga uch oyda yetib keldi
Avvalo xatning mazmuni to‘g‘risida. “Zarafshon” gazetasining 9 iyuldagi 87-sonida “Tijoratga aylanayotgan ma’rifat” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali tomonidan maqolada keltirilgan faktlar joyiga chiqib o‘rganilgan.
Maqola chiqqaniga ancha bo‘lgani sababli xatni aynan keltirib o‘tishni ma’qul topmadik. Ammo unda keltirilgan ayrim holatlar e’tiborimizni tortdi. Shu bois mazkur xat sabab bugun ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan tanqidlarga munosabat bilan bog‘liq ayrim jihatlarni aytib o‘tishni lozim topdik.
Aksariyat hollarda raddiyalarda tanqidiy materiallardagi faktlar keskin rad qilinadi. Javobni “Bu bizning aybimiz emas” qabilida yozishga harakat kuzatiladi.
Xususan, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filialidan kelgan xatda ham Bulung‘ur tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi 11 turdagi gazetalarga obuna qilingan bo‘lib, to‘lovlar to‘liq amalga oshirilmaganligi sababli gazetalar to‘liqligicha yetkazilmagan, deyilgan.
Aslida shu birgina jumla tizimda ish qanday tashkil qilinganligini ko‘rsatmaydimi? Tabiiy savol tug‘iladi: puli to‘lanmagan obuna uchun nega kvitansiya to‘ldirib berilgan?
Bu bilan pochta bog‘lamasi kimni aldayapti, obunachinimi, tahririyatnimi yoki o‘zinimi?
Umuman, tanqidga toqat qilishni, tizimdagi kamchilikni tan olishni qachon o‘rganamiz?
So‘nggi savol: agar pochta tizimida ishlar talab darajasida tashkil etilganida Samarqand shahrining u chetidan chiqqan xat bu chetiga yetib kelguncha uch oy vaqt o‘tmasdi, nazarimizda. Umuman, pochta orqali xat-xabarlarni juda kechikib kelishi haqida oldin ham yozganmiz.
Balki endi pochta xodimlari to‘g‘ri xulosa chiqarishar. Bu maqolaga berilajak javob tezroq yetib keladi, degan umiddamiz.