Pochta orqali pul yuborilganda qanday kamchiliklar aniqlanmoqda?

«O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali tomonidan «Filiallarda pul mablag‘larining kamomadi va o‘zlashtirish holatlari kelib chiqishining oldini olish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda 2017-2019 yillarda filial kesimidagi pochta aloqa bog‘lamalarida aniqlangan o‘g‘irlik va kamomadlar, ushbu kamomadlarga yo‘l qo‘ygan aloqa xodimlariga nisbatan berilgan intizomiy choralar hamda hozirgi kunga qadar aniqlangan kamomadlarning undirilishi yuzasidan ma’lumot berildi.

Jumladan, 2011-2019 yilda bo‘lim filiallarida 4 milliard 360 million 756 ming so‘m o‘zlashtirilgan. Shundan, 1 milliard 85 million 298 ming so‘m pul mablag‘lari undirildi. Qolgan pul mablag‘larini undirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

- Pochta aloqa ob’yektlarida pul o‘tkazmalarini qabul qilish, to‘lash, hisobotini olib borish, jurnalga rasmiylashtirish va saqlanish holatlari, ichki nazorat qoidalari talablarining bajarilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayrim kamchiliklar aniqlandi, - deydi «O‘zbekiston pochtasi» AJ Samarqand filiali pochta xavfsizligi xizmati bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Subhonova. – 2196 nafar fuqaroning pul o‘tkazmalaridagi holatni nazorat qilganimizda aksariyat fuqarolar to‘liq manzilni yozmasligi, pasport ma’lumotlarining batafsil emasligi, fuqarolarning o‘zi kelayotgan pul o‘tkazmalaridan bexabarligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, seminarda korrupsiyaga qarshi kurashish, Islom dinida omonatga xiyonat qilish keskin qoralanishi, korxona va idora xodimlari tomonidan kamomad va o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘yilishi natijasida kelib chiqadigan salbiy oqibatlar haqida ham ma’ruzalar tinglandi.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.