Xotin-qizlar qo‘mitasi mahkuma onalarga farzandlari bilan uchrashishga yordam beradi

Zangiota tumanidagi ayollar jazoni ijro etish muassasasida mahkuma ayollarning holidan xabar olish hamda jazoni o‘tayotgan ayollarning murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Basitxanova boshchiligida sayyor qabul tashkil etildi.

 Qabul jarayonida muassasada jazo muddatini o‘tayotgan 32 nafar xotin-qizlar o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ochiq bayon qilishdi. Ularning aksariyati oila a’zolari va farzandlari bilan uzoq muddatli uchrashuv tashkil etilishida yordam so‘rashdi. Qo‘mita mutasaddilari o‘z navbatida tegishli tashkilotlar bilan birgalikda qonun doirasida mahkuma onalarni farzandlari bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘mak berishini bildirdi.

Mahbusa ayollarning bolalar uylarida tarbiyalanayotgan farzandlarining fotosuratlari onalarga yetkazilganda esa ularning ko‘zlaridagi yosh hammani hayajonga soldi.

Muassasada xalqimizning sevimli aktyorlari Muhammadali Abduqunduzov va Fatxulla Ma’sudovlar ishtirok etib, o‘zlarining Vatan, Ona, Ayol haqidagi ijodiy chiqishlari bilan ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

 Ushbu tadbirlar doimiy o‘tkazib borilishi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Matbuot xizmati.